Tramp “yadroviy zina”ga qadam tashlashni boshladi – OAV
Olam
−
02 avgust 8146 3 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp AQSHning yadro qudratiga oid keskin bayonotlar berishni boshlab, “yadroviy zina”ga ilk qadamlarni tashladi. Bu haqda “The Telegraph” xabar berdi.
Kecha, 1 avgust kuni Donald Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida AQSHning ikkita yadroviy suvosti kemasi Rossiya suvlariga yaqinlashtirilishini ma’lum qildi.
“Rossiya sobiq prezidenti, hozirda Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik kengashi raisining o‘rinbosari bo‘lgan Dmitriy Medvedevning nihoyatda tajovuzkor bayonotlariga javoban, men ikkita yadro suvosti kemasini tegishli hududlarga joylashtirishni buyurdim. Ehtimol bu tentakona gaplar shunchaki so‘z bo‘lib qolmasligi mumkin. So‘zlar juda muhimdir va ko‘pincha kutilmagan oqibatlarga olib kelishi mumkin. Umid qilamanki, bu holat ana shundaylardan biri bo‘lib chiqmaydi. Bu masalaga e’tibor qaratganingiz uchun tashakkur!” deb yozdi Tramp.
AQSH yetakchisi Medvedevning aynan qaysi bayonotini nazarda tutayotganini aniqlashtirmagan. Bungacha ham u Rossiya sobiq prezidentini ogohlantirib, o‘z so‘zlariga ehtiyot bo‘lishini aytgan edi.
Sobiq prezident va Rossiya hukumatining sobiq rahbari, 2020 yildan buyon o‘zi uchun maxsus tuzilgan Xavfsizlik kengashi raisining o‘rinbosari lavozimini egallab kelayotgan Dmitriy Medvedev ko‘pincha ijtimoiy tarmoqlarda sodir bo‘layotgan voqealarga izoh berib, G‘arb yetakchilariga haqoratlar va yadro urushi boshlanishiga doir yashirin tahdidlar yozadi. Joriy yilning 30 iyul kuni Tramp Rossiyaning Ukraina bilan sulh tuzish muddatini qisqartirishini e’lon qilgani munosabati bilan u bunday qadamlar Rossiya va AQSH o‘rtasidagi urushni faqat yaqinlashtirishini yozgan.
Shuningdek, Medvedev Tramp tarafdori va Rossiyaga qarshi sanksiyalar to‘g‘risidagi qonun loyihasining hammuallifi, senator Lindsi Gremga murojaat qilib, shunday deb yozgan:
“Muzokaralar stoliga qachon o‘tirishni belgilash sizga yoki Trampga qolmadi. Muzokaralar harbiy amaliyotimizning barcha maqsadlariga erishilganda yakunlanadi. Birinchi navbatda Amerika uchun ishlang, bobolar!”
Tramp esa kecha, 1 avgust kuni “Newsmax” telekanaliga bergan intervyusida ikkita AQSH atom suvosti kemasi Rossiyaga “yaqinroq joylashganini” e’lon qildi.
“Ha, ular Rossiyaga yaqinroq joylashgan. Biz har doim tayyor turishni xohlaymiz, shuning uchun men mintaqaga ikkita atom suvosti kemasini yubordim”, deydi Prezident.
“The Telegraph” ushbu qarorni sovuq urush davridan beri AQSH Prezidentlari tomonidan ochiqchasiga qabul qilingan eng jiddiy qadam deb atadi. Nashrga ko‘ra, hatto sovuq urush chog‘ida ham biror Prezident AQSH atom suvosti kemalarini Rossiya suvlariga yaqinlashtirishini ochiqlamagan. Biroq shunga qaramay, Trampning odatiy “donkixotsimon” boshqaruv uslubi sababli jamoatchilik orasida jiddiy vahima yo‘q, bu holat ikkinchi Karib inqirozi emas.
Ma’lumot uchun, Karib inqirozi 1962 yil oktyabr oyida AQSHning Turkiyada “Yupiter” raketalarini joylashtirgani ortidan SSSR tomonidan Kubada yadro qurolli raketalarni yashirincha o‘rnatishga urinishi sabab yuzaga kelgan edi. Ikki davlat o‘rtasidagi bu inqiroz tarixdagi eng xavfli yadro to‘qnashuvi yoqasiga olib kelgan bo‘lib, oxir-oqibat SSSR rahbari Nikita Xruyov va AQSH Prezidenti Jon Kennedi o‘rtasidagi muloqot orqali hal bo‘lgan.
Live
Barchasi