Tramp va Mers Makronning taklifini yerda qoldirmoqchi
Olam
−
21 yanvar 3322 2 daqiqa
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Parijda G7 sammitini o‘tkazish haqida taklif berdi. U AQSH Prezidenti Donald Tramp tomonidan qo‘llab-quvvatlanmadi. Bu haqda Oq uy rahbari jurnalistlarga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
Tramp jurnalistning Yevropaga rejalashtirilgan safari doirasida Parijdagi sammitga boradimi, degan savoliga rad javobini bergan.
Germaniya hukumatidagi manbalarning xabar berishicha, Germaniya kansleri Fridrix Mers ham Makron taklif qilgan kunda Parijga borishni rejalashtirmayapti. U Davosdagi Jahon iqtisodiy forumida nutq so‘zlagach, to‘g‘ridan to‘g‘ri Bryusselda o‘tadigan Yevropa Ittifoqi sammitiga uchib ketadi.
Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Emmanuel Makron tomonidan yuborilgani aytilayotgan xabarlarning “skrinshot”larini e’lon qildi. Ushbu xabarlarda Makron Trampga Parijda uchrashishni taklif qilgan.
“Prezident Makrondan Prezident Trampga. Do‘stim, biz Suriya masalasida bir xil pozitsiyadamisiz. Eron bo‘yicha katta ishlar qilishimiz mumkin. Grenlandiya masalasida nima qilayotganingni tushunmayapman. Keling, katta ishlar qilaylik. Sizni Parijdagi G7 uchrashuviga taklif qilaman. Unga ukrainlar, daniyaliklar, suriyaliklar va rossiyaliklar ham keladi”, deyiladi Makronning xabarida.
Tramp ushbu taklifga javob bergan yoki yo‘qligini ochiqlamagan.
Qayd etish joiz, Oq uy rahbari bugun, 21 yanvar kuni Shveysariyaning Davos shahrida bo‘lib o‘tadigan Jahon iqtisodiy forumida nutq so‘zlashi kutilmoqda. Forum doirasida u turli davlatlar rahbarlari va hukumat boshliqlari, shuningdek biznes vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazishni rejalashtirgan.
Fridrix Mers ham AQSH Prezidenti bilan Davosda uchrashishga umid qilmoqda, biroq bunday uchrashuv bo‘ladimi yoki yo‘qmi hozircha noma’lum.
Eslatib o‘tamiz, Emmanuel Makron Davosda iqdisodiy forumdagi chiqishida AQSH Yevropani zaiflashtirish va bo‘ysundirishga urinayotgani haqida aytgandi. Fransiya yetakchisining aytishicha, bojlar suverenitetga bosim o‘tkazish vositasi sifatida qo‘llanmoqda. Bu mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan holat.
Live
Barchasi