Yevropani bo‘ysundirishga urinmoqda – Makron Davosda AQSHni keskin tanqid qildi

Olam

image

Imperialistik ambitsiyalari yana yuzaga chiqmoqda. AQSH Yevropani zaiflashtirish va bo‘ysundirishga urinmoqda. Bu haqda bugun, 20 yanvar kuni Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Davosda iqdisodiy forumdagi chiqishida so‘z ochdi.

“Biz qoidalarsiz dunyo sari harakatlanyapmiz. Mojarolar odatiy holga aylandi. 2024 yilda dunyoda 60 tadan ortiq urush bo‘ldi – bu mutlaq rekord. Imperialistik ambitsiyalar yana yuzaga chiqmoqda. Yagona qonun – kuchlilar qonuni. Hamkorlik o‘rnini raqobat egallamoqda. Fransiya va Yevropa hududiy suverenitet va mustaqillik tamoyillariga sodiq. Bu eskilik emas – Ikkinchi jahon urushi saboqlarini unutmaslik yo‘li. AQSH majburlab tiqishtirayotgan savdo kelishuvlari Yevropani zaiflashtirish va bo‘ysundirishga qaratilgani yaqqol ko‘rinib turibdi” deydi Makron.

Fransiya yetakchisining aytishicha, bojlar suverenitetga bosim o‘tkazish vositasi sifatida qo‘llanmoqda. Bu mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan holat.

“Biz o‘zimizni himoya qilishimiz kerak. Buning uchun mexanizmlarimiz bor. Bugungi yevropaliklar haddan tashqari sodda: boshqa davlatlar teng raqobat sharoitlariga rioya qilmayotgan bir paytda, biz o‘z kompaniyalarimiz va bozorlarimizni himoya qilmayotgan yagona tomonga aylanib qolganmiz”, deydi Emmanuel Makron.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp Grenlandiya ustidan nazorat o‘rnatish rejasini qo‘llab-quvvatlamagan davlatlardan import qilinadigan tovarlarga nisbatan 10 foizlik boj solishini e’lon qilgan edi. Grenlandiya atrofidagi vaziyat sabab joriy yilning 22 yanvar kuni Yevropa Ittifoqining favqulodda sammiti o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Unda YeI davlatlari va hukumat rahbarlari Trampning Germaniya va yana yetti Yevropa davlatiga nisbatan 10 foizlik tariflar joriy etish tahdidiga umumiy javob choralarini muhokama qiladi.

Bungacha AQSH tomonidan bildirilgan iqtisodiy tahdidlardan so‘ng  Yevropa Parlamenti a’zolari Yevropa Ittifoqi va AQSH o‘rtasidagi transatlantik savdo shartnomasini ratifikatsiya qilish jarayoni to‘xtatilishi mumkinligini bildirgan edi. Mazkur kelishuvga ko‘ra, YeI AQSH eksportiga bojlarni bekor qilishi, evaziga esa AQSH YeI importiga 15 foizlik tarif joriy etishi ko‘zda tutilgan.

Mazkur mojaro Grenlandiya masalasida AQSH va Daniya o‘rtasida yuzaga kelgan qarama-qarshiliklar bilan bog‘liq. Hozirda Grenlandiya Daniya qirolligi tarkibidagi avtonom hudud hisoblanadi. Daniya va boshqa Yevropa rasmiylari orol, allaqachon NATOning kollektiv mudofaa tizimi bilan himoyalanganini ta’kidlamoqda.

Bundan tashqari, Grenlandiyada AQSH harbiylarining mavjudligi 1951 yilda imzolangan kelishuv bilan kafolatlangan. Ushbu kelishuvga ko‘ra, Vashington qo‘shimcha qo‘shin yuborishni istasa, Daniya hukumatini shunchaki xabardor qilishi kifoya.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Evropa Emmanuel' Makron

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing