Daniya va Grenlandiya Arktikada NATO missiyasini tuzishni taklif qildi
Olam
−
20 yanvar 1451 3 daqiqa
Daniya va Grenlandiya Mudofaa vazirlari Grenlandiyani ehtimoliy tahdidlardan himoyalash maqsadida NATO missiyasini (Alyans qo‘shinlarini) Arktika mintaqasiga joylashtirishni taklif qildi. Bu haqda kecha, 19 yanvar kuni Daniya Mudofaa vaziri Troels Lund Poulsen matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, mazkur tashabbus AQSH prezidenti Donald Trampning Grenlandiya bo‘yicha bayonotlari fonida ilgari surilgan. Trampning so‘zlariga ko‘ra, AQSH xavfsizligini ta’minlash uchun ushbu orolni o‘z nazoratiga olishi zarur, aks holda Grenlandiyani Xitoy yoki Rossiya bosib olishi mumkin.
NATO Bosh kotibi Mark Ryutte hozircha Arktikada alyans missiyasini tuzish taklifiga rasmiy munosabat bildirmagan. Biroq, u ijtimoiy tarmoqlarda Daniya va Grenlandiya vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Arktika, jumladan, Grenlandiyaning umumiy xavfsizlikdagi o‘rni muhokama qilinganini yozdi.
“Biz bu muhim masalalar bo‘yicha ittifoqchilar sifatida birgalikda ishlashda davom etamiz”, dedi Ryutte.
Shuningdek, NATO Bosh kotibi joriy yil 18 yanvar kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan Grenlandiya va Arktikadagi xavfsizlik holatini muhokama qilganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, tomonlar bu boradagi muloqotni davom ettiradi va Davosdagi Jahon iqtisodiy forumi doirasida yana uchrashuv rejalashtirilgan.
Daniya Mudofaa vaziri esa Qo‘shma Shtatlar Yevropa xavfsizligi uchun muhim sherik ekanini ma’lum qilgan.
“Yevropada biz mustaqil ravishda hal qila olmaydigan ko‘plab muammolar bor. Shu bilan birga, AQSH Prezidentining ayrim bayonotlari jiddiy ta’sir ko‘rsatdi”, deydi Daniya Mudofaa vaziri.
Ma’lumot o‘rnida, Grenlandiya atrofidagi vaziyat sabab joriy yilning 22 yanvar kuni Yevropa Ittifoqining favqulodda sammiti o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Unda YeI davlatlari va hukumat rahbarlari Trampning Germaniya va yana yetti Yevropa davlatiga nisbatan 10 foizlik tariflar joriy etish tahdidiga umumiy javob choralarini muhokama qiladi.
Bungacha AQSH tomonidan bildirilgan iqtisodiy tahdidlardan so‘ng Yevropa Parlamenti a’zolari Yevropa Ittifoqi va AQSH o‘rtasidagi transatlantik savdo shartnomasini ratifikatsiya qilish jarayoni to‘xtatilishi mumkinligini bildirgan edi. Mazkur kelishuvga ko‘ra, YeI AQSH eksportiga bojlarni bekor qilishi, evaziga esa AQSH YeI importiga 15 foizlik tarif joriy etishi ko‘zda tutilgan.
Mazkur mojaro Grenlandiya masalasida AQSH va Daniya o‘rtasida yuzaga kelgan qarama-qarshiliklar bilan bog‘liq. Hozirda Grenlandiya Daniya qirolligi tarkibidagi avtonom hudud hisoblanadi. Daniya va boshqa Yevropa rasmiylari orol, allaqachon NATOning kollektiv mudofaa tizimi bilan himoyalanganini ta’kidlamoqda.
Bundan tashqari, Grenlandiyada AQSH harbiylarining mavjudligi 1951 yilda imzolangan kelishuv bilan kafolatlangan. Ushbu kelishuvga ko‘ra, Vashington qo‘shimcha qo‘shin yuborishni istasa, Daniya hukumatini shunchaki xabardor qilishi kifoya.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoy Tashqi ishlar vazirligi Qo‘shma Shtatlarni “Xitoy tahdidi” bahonasidan foydalangan holda o‘z manfaatlarini izlashni to‘xtatishga chaqirgan edi.
Live
Barchasi