Tramp TikTok’ni bloklashga qarshi chiqdi

Olam

image

AQSHning sobiq prezidenti Donald Tramp TikTok’ning AQSHda taqiqlanishiga yo‘l ochadigan qonun loyihasini tanqid qildi. Bu haqda u CNBC telekanaliga bergan intervyusida so‘z ochdi.

Tramp Facebook platformasini “xalq dushmani” deb ta’riflab, TikTok’ni taqiqlovchi qonun Meta’ga keng imtiyozlar berishini aytdi.

"Agar TikTok bo‘lmasa, Facebook’ning dunyo miqyosida ommalashishi juda oson. Men Facebook’ni xalq dushmani deb bilaman. TikTok’ni yaxshi ko‘radiganlar ko‘p. Ushbu ilovasiz aqldan ozadigan yosh bolalar ham topiladi”, deydi AQSHning sobiq prezidenti.

Qayd etish joizki, Xitoyning “ByteDance” internet gigantiga tegishli bo‘lgan TikTok so‘nggi bir necha yil ichida o‘zining qisqa videolarni joylash imkoniyati bilan xalqaro sensatsiyaga aylandi.

Amerikalik ekspertlarning fikricha, ushbu ilova o‘z  foydalanuvchilarining shaxsiy ma’lumotlarini zarur bo‘lganda hukumatga taqdim etishi mumkin. Xitoyning 2017 yilgi Milliy razvedka to‘g‘risidagi qonunida tashkilotlar va fuqarolardan davlat razvedka ishlarini qo‘llab-quvvatlash, yordam berish va hamkorlik qilishni talab qiladi. 2020 yilda Tramp ma’muriyati ushbu xavotirlar tufayli TikTok’ni AQSHdagi ilovalar marketidan chiqarishga urinib ko‘rdi.

Ma’lumot uchun, AQSH Kongressining Vakillar palatasi TikTok'ni taqiqlovchi qonun loyihasini ishlab chiqqan. Agar loyiha kuchga kirsa, kompaniyaga ijtimoiy tarmoqni sotish uchun 5 oy vaqt beriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Jo Bayden agar TikTok’ni taqiqlovchi hujjat Kongress tomonidan tasdiqlansa, mazkur qonun loyihasini imzolashini aytgandi.

Rayhona Ulkanbayeva


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Tramp TikTok

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing