Tramp tez orada Putin bilan gaplashmoqchi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp tez orada Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan telefon orqali suhbatlashishini ma’lum qildi. Bu haqda Oq uy rahbari kecha, 7 sentyabr kuni jurnalistlarning savollariga javoban aytdi.

Tramp Ukrainadagi janglarning davom etayotganidan norozi ekani, biroq bu mojaroni tugatishini iddao qilgan. 

“Men u yerdagi vaziyatdan mamnun emasman, buni hal qilamiz, lekin urushga oid hamma narsadan norozi bo‘lyapman”, degan AQSH rahbari. 

Tramp, shuningdek, yaqin kunlarda bir necha Yevropa yetakchilari AQSHga tashrif buyurishini aytgan, lekin ularning ismlarini ochiqlamadi. Bu tashrifda katta ehtimol bilan Ukrainaga tinchlikparvar kuchlarini kiritish masalasi o‘rtaga tashlanib, so‘nggi qarorga kelinadi. 

Qolaversa, Oq uy rahbari yaqin kunlarda Putin bilan ham muloqot bo‘lib o‘tishi va bu muhim qadam ekanini ta’kidlagan. 

Kecha, 7 sentyabr kuni Tramp Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirishga tayyorligini ma’lum qildi. AQSH Moliya vaziri Skott Bessant qo‘shimcha bosim AQSH va Yevropa tomonidan ko‘rsatilsa, Putin Ukrainaga doir muzokaralarni boshlashga majbur bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.

Trampning Ukraina bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellog esa Rossiyaning yaqinda Ukrainadagi hukumat binosiga hujumini “eskalatsiya belgisi”, deya izohladi. U ikki hafta avval shu binoda Ukraina Bosh vaziri Yuliya Sviridenko bilan uchrashganini eslab, bunday hujumlar vaziyatni nazoratdan chiqarib yuborishini ta’kidladi. Uning fikricha, bu hujum Rossiyaning diplomatik yo‘l bilan urushni tugatishga intilmayotganidan darak beradi.
Ukraina ma’lumotlariga ko‘ra, 7 sentyabrga o‘tar kechasi Rossiya 810 dron va 13 raketa uchirgan, oqibatda kamida yetti kishi, jumladan, ikki oylik chaqaloq halok bo‘lgan, o‘nlab odamlar yaralangan. Urush boshlanganidan beri esa ilk bor Kiyevdagi hukumat binosi vayron bo‘ldi. Bu o‘z-o‘zidan Rossiyaning muzokaralar uchun yopiqligini ko‘rsatadi. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 5 sentyabr kuni Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov “Argumenti i Fakti” nashriga bergan intervyusida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va AQSH rahbari Donald Tramp o‘rtasidagi ikkinchi muzokara raundi yaqin vaqt ichida bo‘lib o‘tishi mumkinligini aytgandi. Unga ko‘ra, agar Prezidentlar zarur deb hisoblasa, xuddi Alyaskadagi singari uchrashuv qisqa muddatda tashkil etilishi mumkin. Peskovning so‘zlariga ko‘ra, ishchi aloqalar yo‘lga qo‘yilgan va muntazam davom etmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Vladimir Putin Donal'd Tramp Oq uy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing