Tramp Ta’lim vazirligini tugatish to‘g‘risida farmon chiqaradi
Olam
−
20 mart
2375Bugun, 20 mart kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Ta’lim vazirligini tugatish to‘g‘risidagi farmonni imzolaydi. Bu haqda Oq uyga tayanib, “The Washington Post” xabar berdi.
Farmonga ko‘ra, vazirlik rahbari Linda Makmaxon Ta’lim vazirligini yopishga ko‘maklashish va ta’lim sohasidagi vakolatlarni shtatlarga qaytarish bo‘yicha barcha zarur choralarni ko‘rishi shart bo‘ladi.
Shuningdek, nashrga ko‘ra, Ta’lim vazirligini yopish yoki uning funksiyalarini boshqa tashkilotlarga o‘tkazish bo‘yicha Kongress roziligisiz harakat qilish Prezident ma’muriyati uchun huquqiy muammolarga sabab bo‘lishi mumkin.
AQSH Milliy ta’lim assotsiatsiyasi prezidenti Bekki Pringl “The Wall Street Journal” nashriga bergan izohida, vazirlikni yopish haqidagi farmon o‘quvchilarga zarar yetkazishi mumkinligini aytgan. Uning fikricha, bu sinf hajmini oshirib, kasbiy tayyorgarlik dasturlarini qisqartirishga, oliy ta’limni esa oddiy fuqarolar uchun qimmat va kamroq qulay bo‘lishiga olib kelishi mumkin.
Ma’lumot uchun, AQSH Ta’lim vazirligi 1979 yilda prezident Jimmi Karter farmoni bilan tashkil etilgan. Idoraning asosiy vazifalari talabalar kreditlarini ajratish, grantlarni boshqarish, davlat charter maktablarini moliyalashtirish, universitetlarni akkreditatsiya qilish tizimini nazorat etish, talabalarning ta’lim natijalari to‘g‘risida ma’lumot to‘plash va boshqalarni o‘z ichiga oladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Ta’lim vazirligi Prezident Donald Trampning idorani tugatish taklifi fonida xodimlarning deyarli 50 foizini qisqartirishini e’lon qilgan edi.
Tramp Ta’lim vazirligini yopish rejalari haqida saylovoldi kampaniyasi chog‘idayoq ma’lum qilgan, saylanganidan keyin esa bu niyatini tasdiqlagan edi. U, xususan, idorani “katta firibgarlik” deb atagan, shuningdek, AQSH go‘yoki ta’lim darajasi bo‘yicha dunyoda 40-o‘rinda turishini, biroq bir o‘quvchiga eng ko‘p pul sarflashini ta’kidlagan.
LiveBarchasi