Tramp Rossiyaning AQSH harbiylari o‘limiga aloqadorligiga munosabat bildirdi
Olam
−
28 iyun 2020
10024Rossiya AQSHning Afg‘onistondagi askarlarining joylashuvi bo‘yicha ma’lumotga egaligi haqida Amerika Prezidenti Donald Trampni hech kim ogohlantirmagan. Bu haqda Amerika Prezidenti Donald Tramp Twitter`da ma’lum qildi.
Tramp Rossiyaning amerikalik askarlar joylashuvi bo‘yicha ma’lumoti borligi haqida o‘zi va vitse-prezdent Maykl Pensga hech qanday axborot berilmaganini bildirgan. Prezident “The New York Times” nashrida e’lon qilingan Rossiyaning bir guruh harbiy razvedkachilari “Tolibon” harakatini Afg‘onistondagi xalqaro koalitsiya kuchlariga qarshi qayraganini rad qilgan.
“Hech kim meni, vitse-prezident Maykl Pensni yoki Oq uy xodimlari apparati rahbari Mark Medouzni yolg‘on xabarlar tarqatuvchi “The New York Times”ning “anonim manba”siga tayanib xabar berganidek, rossiyaliklarning Afg‘onistondagi askarlarimizga hujumi haqida ogohlantirmagan”, deb yozgan Tramp.
Amerika rahbari nashrning ushbu xabardagi yashirin manbasi oshkor qilinishi kerakligini ta’kidlab, “The New York Times” unday qilolmasligini chunki katta ehtimol bilan u yo‘q ekanini aytgan.
Oq uy Matbuot kotibi Keyli Makineni ham Tramp rossiyaliklarning amerika harbiylariga hujumi haqida ogohlantirilmaganini aytgandi. O‘z navbatida “The New York Times” razvedka ma’lumotlari Prezidentga bir necha oy ilgari yetkazilganini yozgan.
Avvalroq, “New York Times” gazetasi o‘z manbasiga tayangan holda, Rossiya harbiy razvedkasi go‘yoki toliblar bilan bog‘liq jangarilarga Afg‘onistondagi Amerika askarlariga hujum qilish evaziga mukofot taklif etgani haqida xabar qilgan edi. Nashr “anonim manba”dan boshqa hech qanday dalil keltirmagan.
Rossiya TIV amerika harbiylari buyurtma qotilligida rus harbiy razvedkasining aloqadorligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yolg‘on deb atadi.
LiveBarchasi