Tramp Rossiyaga qarshi sanksiyalarni yana bir yilga uzaytirdi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Qrimning anneksiya qilinishi va o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan DXR va LXRni tan olgani uchun Rossiyaga qarshi joriy etilgan sanksiyalarni yana bir yilga uzaytirdi. Bu haqda kecha, 27 fevral kuni AQSH Federal reyestri ma’lumotlarida keltirilgan.

Shu tariqa Tramp 2014, 2018 va 2022 yillarda turli AQSH prezidentlari tomonidan joriy qilingan sanksiyalar muddatini uzaytirgan. Hujjatda barcha cheklovlar “2025 yil 6 martdan keyin ham amalda qolishi kerak” ekani ta’kidlangan.

“Ushbu farmonlarda tilga olingan harakatlar va siyosat Qo‘shma Shtatlar milliy xavfsizligi va tashqi siyosati manfaatlariga favqulodda va g‘ayritabiiy tahdid bo‘lib qolmoqda”, deyiladi hujjatda.

Ma’lumot uchun, Donald Tramp 25 fevral kuni Rossiyaga qarshi sanksiyalarni bekor qilish masalasini muzokaralar jarayonining bir qismi sifatida hozircha ko‘rib chiqmayotganini aytdi, biroq “qachondir bu masalani ko‘rib chiqishimiz mumkin” deya qo‘shimcha qildi. 26 fevral kuni esa Tramp jurnalistlar bilan suhbatda AQSH Rossiyaga qarshi sanksiyalarni bekor qilishga tayyor bo‘lishini, biroq bu faqat Rossiya-Ukraina urushi yakunlangandan keyin sodir bo‘lishini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buyuk Britaniya Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirganining uch yilligi munosabati bilan Rossiyaga nisbatan sanksiyalarni kengaytirgan edi. 107 banddan iborat yangi paket Rossiya Qurolli kuchlari ta’minot zanjiri, “Putinning noqonuniy urushini qo‘llab-quvvatlaydigan daromadlar” hamda Kremlga foyda keltirayotgan kleptokratlarga qaratilgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Donal'd Tramp sanktsiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing