Tramp Putindan Eron bilan yadro muzokaralarida vositachilik qilishni so‘radi
Olam
−
04 mart 5332 3 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan fevral oyidagi telefon orqali suhbat chog‘ida Eron bilan yadro kelishuvi bo‘yicha muzokaralarda vositachilik qilishni so‘ragan. Bu haqda Kremlga yaqin manbalarga tayanib, “Bloomberg” xabar berdi.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Putin Oq uyning taklifini qabul qilgan va bu masala joriy yilning 18 fevral kuni Ar-Riyodda Rossiya va AQSH delegatsiyalari o‘rtasida muhokama qilingan. Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov “Bloomberg”ga bergan izohida Rossiya AQSH va Eron muzokaralariga yordam berish uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni bajarishga tayyor ekanini ta’kidlagan.
O‘z navbatida, Eron Tashqi ishlar vazirligi vakili Ismoil Bag‘oyi Rossiyaning vositachilik ehtimoliga izoh berib, bu masalalarning muhimligini hisobga olgan holda, “turli davlatlarning zarurat tug‘ilganda o‘z yordamlarini taklif qilishi tabiiy” ekanini aytgan.
Nashrning yozishicha, Tramp Oq uyga qaytgach, Eron masalasida qarama-qarshi pozitsiyalarni namoyon qilmoqda. Bir tomondan, u birinchi prezidentlik davrida olib borgan “maksimal bosim” siyosatini qayta tiklamoqchi ekanini bildirgan. Boshqa tomondan esa “Eronning tinch taraqqiy etishi va gullab-yashnashi uchun imkon beradigan yangi yadro bitimini tuzishga tayyorman”, deya bayonot bergan.
Biroq Tehron Vashington bilan muzokaralar o‘tkazish ehtimolini rad etib, AQSH hanuz “kuch ishlatish tili”dan foydalanayotganini ta’kidlagan. Eron Tashqi ishlar vazirligi bayonotida AQSHning “maksimal bosim” strategiyasiga javoban, Eron “maksimal qarshilik” ko‘rsatishini bildirgan.
“Shunga qaramay, ikki tomon yashirin ravishda muzokaralarni tiklash uchun muqobil yo‘llarni izlamoqda”, deb hisoblaydi Qatardagi Fors ko‘rfazi tadqiqot markazi dotsenti Nikolay Kojanov.
Uning fikricha, AQSH va Eron o‘rtasidagi istalgan kelishuv murakkab bo‘ladi va murosalarni talab qiladi: AQSH sanksiyaviy bosimni yumshatishi mumkin, Eron esa mintaqaviy ambitsiyalarini cheklashi mumkin.
Ma’lumot uchun, Vashington uzoq vaqtdan beri Tehronni fuqaro yadro dasturi niqobi ostida yashirin qurol ishlab chiqishda ayblab keladi. Biroq Eron bu ayblovlarni rad etib, uning atom tadqiqotlari faqat tinch maqsadlarga, xususan, elektr energetikasi rivojiga yo‘naltirilganini ta’kidlaydi.
2018 yilda Tramp ma’muriyati AQSHni Qo‘shma harakatlar rejasidan chiqargan. Ushbu xalqaro bitim Eronning yadro dasturini qisqartirish va xalqaro inspektorlar nazoratini kuchaytirish evaziga sanksiyalarni bekor qilishni nazarda tutadi. Vashington bitimdan chiqqach, Tehron xalqaro inspektorlarning yadro ob’ektlariga kirish huquqini chekladi, bu esa uning faoliyatini nazorat qilishni ancha murakkablashtirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Eron neft sanoatiga qarshi sanksiyalarning yangi bosqichini joriy qilib, Eron neftini tashish bilan shug‘ullanuvchi jismoniy shaxslar, tanker operatorlari va yuk tashish kompaniyalariga Eron neftini sotish va tashishdagi roli uchun sanksiya kiritgandi.
Live
Barchasi