Tramp Oq uyga qaytsa, AQSHning ham “Temir gumbaz”i bo‘lishiga va’da berdi
Olam
−
24 yanvar
6220AQSHning sobiq yetakchisi Donald Tramp joriy yilning noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonsa, Isroildagi “Temir gumbaz”ga o‘xshash raketaga qarshi mudofaa tizimini mamlakat uzra joylashtirish niyatida. Bu haqda u kecha, 23 yanvar kuni Nyu-Xempshirdagi tarafdorlari oldida qilgan chiqishida ma’lum qildi.
"Men mamlakat ustida “Temir gumbaz” – Amerikada ishlab chiqarilgan zamonaviy raketaga qarshi mudofaa tizimini quraman. Biz buni boshqa davlatlar uchun qilyapmiz, boshqalarga yordam beryapmiz, lekin buni o‘zimizga ravo ko‘rmayapmiz", deydi u.
Trampning aytishicha, AQSHning sobiq prezidenti Ronald Reygan ko‘p yillar oldin shunday taklif bilan chiqqan, biroq uning davrida texnologiya hozirgidek rivojlanmagani sabab orzu amalga oshmagan.
“Hozirda esa bizda aql bovar qilmaydigan texnologiyalar mavjud", deydi siyosatchi.
Unga ko‘ra, AQSH uchun raketaga qarshi mudofaa ishlab chiqarish Nyu-Xempshirda amalga oshirilishi mumkin.
Ma’lumot uchun, “Temir gumbaz” raketaga qarshi tizimi qisqa masofali boshqarilmaydigan raketalarni tutib olish uchun mo‘ljallangan. Uning rivojlanishi 2004 yilda Isroilning janubiy shaharlarini Falastin guruhlari tomonidan ishlangan “Qassam” raketalari yoki Sovet Ittifoqida ishlab chiqarilgan raketalar bilan o‘qqa tutilishi munosabati bilan boshlangan. Israel Aerospace Industries va Rafael Advanced Defence Systems tizimni ishlab chiqqan. 2011 yil mart oyida tizim ishga tushirildi va o‘sha yilning aprel oyida birinchi marta G‘azo sektoridan uchirilgan “Grad” raketasini muvaffaqiyatli tutib oldi. 2020-2021 yillarda turli uchuvchisiz samolyotlarni tutib olish imkoniyatiga ega bo‘lgan tizimning takomillashtirilgan versiyasida sinovlar o‘tkazildi.
LiveBarchasi