Tramp Nobel olish uchun kampaniya olib bormoqda
Olam
−
07 Oktabr 2085 3 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp faol ravishda o‘zini Nobel tinchlik mukofoti nomzodlari qatoriga kiritish uchun kampaniya olib bormoqda. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.
Prezidentning fikricha, na u va na AQSH 2020 yilda imzolangan Ibrohim kelishuvlari – Isroil va bir nechta arab davlatlari o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirish bo‘yicha kelishuvlar uchun yetarlicha e’tirof olmagan. Bu bitimlar Trampning birinchi prezidentlik muddati davrida tuzilgan.
Shuningdek, Tramp 2025 yilning yanvar oyida Oq uyga qaytgach, kamida olti urushni to‘xtatganini urg‘ulaydi (umuman olganda u to‘qqizta mojaroda ishtirok etgan). U bunga Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi, shuningdek, Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlarni misol qilib keltirgan.
Biroq tanqidchilar bu “muvaffaqiyatlarni” o‘z o‘rnida baholamayapti. Ularning fikricha, Tramp o‘ziga nisbat berayotgan mojarolar aslida kichik ko‘lamli bo‘lgan, uning roli cheklangan yoki ular allaqachon tugash nuqtasida bo‘lgan.
Nashr Trampning Nobel qo‘mitasiga bosim o‘tkazishga bo‘lgan yana bir urinishini ham keltiradi – sentyabr oxirida u deyarli barcha amerikalik generallar va admiral ishtirok etgan yig‘ilishda mukofotning egasi haqida “luqma” tashlagandi.
“Ular mukofotni hech narsa qilmagan bir yigitga berishadi. Bu bizning mamlakatimiz uchun katta haqorat bo‘ladi”, degan Oq uy rahbari.
Bu bayonot AQSH “G‘azo sektoridagi urushni to‘xtatish bo‘yicha Tramp rejasi”ni e’lon qilganidan keyin bir sutkadan kamroq vaqt ichida yangragan. Ko‘rinib turibdiki, uning og‘zidan chiqqan bu gaplar ham Tramp mukofot olishni xohlayotganidan darak beradi.
Nobel mukofoti masalasini nafaqat Trampning o‘zi, balki uning yaqinlari ham ko‘tarmoqda. Trampning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoff avgust oyida Vashingtondagi yig‘ilishda Nobel qo‘mitasini “ishga kirishishga” va mukofotni Trampga berishga chaqirgan. Davlat kotibi Marko Rubio ham bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan.
Nashrning qo‘shimcha qilishicha, kampaniyaga hatto biznes doiralari ham qo‘shilgan. Pfizer kompaniyasi rahbari Albert Burla Trampni “Sonic Speed Operation” – COVID-19 vaksinasi ishlab chiqilishini tezlashtirish loyihasi uchun maqtagan va bu Nobel mukofotiga loyiq harakat bo‘lganini ta’kidlagan.
Nobel qo‘mitasi esa bevosita siyosiy bosim sezmaganini, lekin “ochiq va yopiq” tarzdagi bir nechta kampaniyalarga e’tibor berganini bildirgan.
Norvegiyada ham laureat e’lon qilinishi intiqlik bilan kutilmoqda. AQSH va Norvegiya o‘rtasida savdo tariflari va G‘azodagi urush tufayli kelishmovchiliklar bor. Tramp ma’muriyati Norvegiyadan importga 15 foizlik boj joriy qilgan. Shuningdek, respublikachi senatorlar Norvegiya suveren fondiga qarshi viza cheklovlarini kiritishni talab qilgan – bu fond Isroil va AQSHning ayrim kompaniyalariga investitsiya kiritishni rad etgan edi.
Qayd etish joiz, 2025 yilgi Nobel tinchlik mukofotiga 338 nomzod (shundan 94 tasi tashkilot) da’vogarlik qilmoqda. Nomzodlar orasida Yuliya Navalnaya ham bor va u bukmekerlar orasida favoritlardan biri hisoblanadi.
Mukofot laureati 10 oktyabr kuni e’lon qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yil fiziologiya va tibbiyot sohasidagi Nobel mukofoti Sietldagi Tizimli biologiya instituti xodimi Meri E. Brunkov, San-Fransiskodagi Parker rakka qarshi immunoterapiya instituti vakili Fred Ramsdell hamda Osaka universiteti professori Shimon Sakakuchiga “periferik immun tolerantligiga oid kashfiyotlari uchun” berilgandi.