Nobel haftaligi boshlandi. Tibbiyot bo‘yicha laureatlar e’lon qilindi

Bu qiziq

image

2025 yil fiziologiya va tibbiyot sohasidagi Nobel mukofoti Sietldagi Tizimli biologiya instituti xodimi Meri E. Brunkov, San-Fransiskodagi Parker rakka qarshi immunoterapiya instituti vakili Fred Ramsdell hamda Osaka universiteti professori Shimon Sakakuchiga “periferik immun tolerantligiga oid kashfiyotlari uchun” berildi. Laureatlar nomi bugun, 6 oktyabr kuni Stokgolmda e’lon qilindi.

Hozirgi paytda mukofot miqdori 11 million shved kronini (taxminan 1 million yevro) tashkil etadi. Tibbiyot sohasidagi Nobel mukofoti shu paytgacha 115 marta topshirilgan bo‘lib, 2024 yilgacha jami 229 kishi bu mukofot sohibiga aylangan.

2024 yilda fiziologiya va tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofoti amerikalik olimlar Viktor Ambros va Geri Ravkanga “mikroRNKni kashf etish va uning gen ifodasini posttranskripsion boshqarishdagi rolini o‘rganganlari uchun” berilgan edi.

2023 yilda ushbu yo‘nalishdagi mukofot Pensilvaniya universiteti olimlari Dryu Vaysman va Katalin Karikoga koronavirusga qarshi mRNK-vaksinalar ishlab chiqishga asos bo‘lgan ishlari uchun topshirilgan. 2022 yilda esa shved biologi Svante Paabo neandertallar genomini o‘rganish va inson evolyutsiyasiga oid kashfiyotlari uchun mukofotga sazovor bo‘lgan edi.

2021 yilda amerikalik tadqiqotchilar Devid Julius va Ardem Pataputian fiziologiya yoki tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan. Ular inson organizmiga harorat va teginishni sezish imkonini beruvchi retseptorlarni kashf etgani uchun mukofotga sazovor bo‘ldi. 2020 yilda gepatit S virusini kashf etishga katta hissa qo‘shgan amerikalik virusologlar Xarvi Alter, Charlz Rays va britaniyalik Maykl Xouton mukofot g‘oliblari bo‘ldi.

Fiziologiya va tibbiyot sohasidagi laureatlar nomi e’lon qilinishi bilan “Nobel haftaligi” boshlandi. 7 oktyabr kuni fizika, 8 oktyabr kuni kimyo, 9 oktyabr kuni adabiyot sohasidagi laureatlar nomi ma’lum bo‘ladi. 10 oktyabr kuni Osloda tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sohibining nomi e’lon qilinadi, 13 oktyabr kuni esa 1968 yilda Shvetsiya banki tomonidan ta’sis etilgan iqtisodiyot bo‘yicha Alfred Nobel xotira mukofoti laureati ma’lum bo‘ladi.


Maqola muallifi

Teglar

tibbiyot Nobel'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing