Tramp Maduro bilan gaplashib olmoqchi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro bilan gaplashishni rejalashtirmoqda. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, “Axios” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Tramp o‘z maslahatchilariga Maduro bilan gaplashish niyati borligini aytgan, ammo suhbat sanasi hali belgilanmagan. Bu qaror AQSHning yaqin kunlarda Venesuelaga raketa zarbalari yoki quruqlikdagi keng ko‘lamli harbiy amaliyot boshlashi shart emasligini ko‘rsatishi mumkin. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, hozircha Venesuelaga kirib borish yoki Maduroni qo‘lga olish kabi rejalar kun tartibida yo‘q, biroq bunday imkoniyat butunlay istisno qilinmaydi.

Hozir AQSHning asosiy harakatlari narkotrafikni to‘xtatishga qaratilgan bo‘lib, shu maqsadda Pentagon 14 noyabrda e’lon qilgan “Janubiy nayza” operatsiyasi doirasida Venesuela sohillari yaqinida narkotik tashuvchi kemalarga zarbalar berib kelmoqda. 

“Reuters” nashriga ko‘ra, AQSH Venesuelaga qarshi yangi bosqichdagi amaliyotlarni yaqin kunlarda boshlashi mumkin. “Fox News” ham Vashingtonning yashirin operatsiyalari tez orada faollashishi haqida ma’lumot bergan. Hududda xavfsizlik masalasi keskinlashgani sababli AQSH havo qatnovi bo‘yicha ogohlantirish chiqargan va bir qator aviakompaniyalar Venesuela hududi yaqinidagi parvozlarni vaqtincha to‘xtatgan. 

“Axios” manbasi AQSHning Venesuelada yashirin operatsiyalar olib borayotganini tasdiqlagan, ammo ular Maduroni o‘ldirishga emas, narkotrafikni to‘xtatishga qaratilganini ta’kidlagan. Shunga qaramay, agar Maduro hokimiyatdan ketsa, bu AQSH uchun umuman muammo bo‘lmasligini aytilgan. Venesuela esa AQSHni narkotrafik mavzusini bahona qilib, harbiy mojaroni boshlab yuborishga urinayotganlikda ayblagan, Maduro Trampni urush boshlamaslikka chaqirgan. 

“Politico” manbalari Vashingtonda Maduroni surgun qilish, uni AQSHda sudga tortish yoki boshqa variantlar borasida turli ssenariylar muhokama qilinayotganini, surgun uchun istiqbol sifatida Turkiya, Rossiya, Ozarbayjon yoki Kuba tilga olinayotganini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, ushbu vaziyat fonida Maduro Putindan yordam so‘rab xat yo‘llagani haqida xabar berilgandi. Xatda Venesuela yetakchisi Rossiyadan mamlakatga raketalar va mablag‘ berishni, shuningdek, samolyotlarni ta’mirlashni so‘ragan. Keyinroq esa “Politico” o‘z manbalariga tayanib, AQSH Venesuela Prezidenti Nikolas Maduroni Rossiyaga qochishga majbur qilishi mumkinligi haqida yozdi.


Maqola muallifi

Teglar

Venesuela Donal'd Tramp Nikolas Maduro

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing