Tramp kichik Kennediga ham lavozim bermoqchi
Olam
−
08:53
2255AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp sobiq mustaqil nomzod kichik Robert Kennedini Sog‘liqni saqlash va aholiga xizmat ko‘rsatish departamenti rahbari lavozimiga nomzod qilib ko‘rsatdi. Bu haqda kecha, 14 noyabr kuni respublikachi o‘zining X sahifasida ma’lum qildi.
“Uzoq vaqt davomida amerikaliklar oziq-ovqat sanoati va farmatsevtika kompaniyalari tomonidan og‘ir yuk bo‘lib kelgan, ular jamoat salomatligi haqida gap ketganda aldash, chalg‘itish va noto‘g‘ri ma’lumot beradi. Barcha amerikaliklarning xavfsizligi va salomatligi har qanday ma’muriyatning eng muhim ustuvor yo‘nalishidir va vazirlik har kimni zararli kimyoviy va ifloslantiruvchi moddalar, pestitsidlar, farmatsevtika va oziq-ovqat qo‘shimchalaridan himoya qilishda katta rol o‘ynaydi”, deb yozgan Tramp.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, Kennedi ushbu lavozim uchun eng munosib nomzod hisoblanadi.
Robert Kennedi saylovoldi kampaniyasi davomida mustaqil nomzod bo‘lgan, keyin esa Trampni qo‘llab-quvvatlagan.
Kichik Kennedi 60 yil avval o‘ldirilgan AQSH prezidenti Jon Kennedining jiyani. U huquqshunoslik bo‘yicha ma’lumotga ega bo‘lib, atrof-muhit himoyachisi va emlanishga qarshi turuvchi shaxs sifatida tanilgan.
Eslatib o‘tamiz, so‘nggi kunlarda Donald Tramp o‘zining bo‘lajak ma’muriyatidagi lavozimlarga nomzodlarni tanlamoqda. Tramp Florida shtati senatori Marko Rubioni Davlat kotibi, kongressmen Mett Getsni esa Adliya vaziri va Bosh prokuror etib tayinlash niyatida ekanini ma’lum qildi. Shuningdek, Tramp “Fox News” telekanali boshlovchisi Pit Xegsetni Pentagon rahbari, kongressmen Mayk Valsni Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi va biznesmen Ilon Maskni AQSH Hukumat samaradorligi departamentiga, Milliy razvedka direktori lavozimiga Tulsi Gabbardni rahbar etib tayinlashga qaror qilgan edi.
LiveBarchasi