Tramp Xitoyga bojlarni 90 kunga kechiktirdi

Olam

image
AQSH yangi bojlar va yangi muddatni e’lon qildi north_east

AQSH yangi bojlar va yangi muddatni e’lon qildi

AQSH Prezidenti Donald Tramp Xitoydan keladigan tovarlarga bojlar joriy etishni yana 90 kunga kechiktirdi. U tegishli farmonni kecha, 11 avgust kuni imzoladi. Bu haqda Oq uy vakiliga tayanib, CNBC va “The Washington Post” xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, tariflar bugun, 12 avgust kuni kuchga kirishi kerak edi, biroq Tramp o‘z farmoni bilan buni noyabr oyining o‘rtalariga ko‘chirdi.

“Bu kechikish AQSH savdo vakillari va ularning xitoylik hamkasblari o‘rtasidagi iyul oyi oxirida Stokgolmda bo‘lib o‘tgan muzokaralarning so‘nggi raundining kutilgan natijasi edi”, deb tushuntiradi CNBC.

Jurnalistlarning aniqlik kiritishicha, agar muddat uzaytirilmaganida, Xitoyga nisbatan tariflar AQSH tomonidan 145 foizga va Pekin tomonidan 125 foizga ko‘tarilgan 2025 yil aprel oyidagi eng yuqori darajaga qaytgan bo‘lardi.

2025 yil may oyida AQSH va Xitoy 90 kunlik o‘zaro tariflarni mos ravishda 30% va 10% gacha kamaytirishga kelishib oldi. Iyun oyi oxirida Donald Tramp Xitoy bilan Amerika biznesi uchun “Xitoyni ochishni boshlash”ga mo‘ljallangan savdo shartnomasi imzolanganini e’lon qildi.

Keyinroq Pekin kelishuv faktini tasdiqladi va Vashington o‘z doirasida Xitoy uchun bir qator cheklovlarni olib tashlashga rozi bo‘lganini tushuntirdi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda AQSH Prezidenti va Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen Turnberidagi uchrashuvda Yevropa Ittifoqi tovarlariga 15 foizlik bojlar joriy etishni nazarda tutuvchi savdo bitimi bo‘yicha kelishib olgandi. Amerika rahbarining so‘zlariga ko‘ra, YeI ushbu savdo bitimi doirasida AQSH iqtisodiyotiga 600 milliard dollar miqdorida qo‘shimcha sarmoya kiritishni ham va’da qilgan. Bundan tashqari, Bryussel AQSHdan 750 milliard dollarlik energiya resurslarini sotib oladi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp Xitoy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing