Tramp qamoqxonadagi suratidan keyin rekord darajada xayriya yig‘di

Olam

image

AQSHning Jorjiya shtatida rasmiy hibsga olish jarayonidan o‘tgan Amerikaning sobiq prezidenti Donald Tramp saylov kampaniyasi uchun 7,1 million dollarga yaqin xayriya yig‘di. Bu haqda “Politico” gazetasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, 25 avgust kunning o‘zida Donald Tramp 4,18 million dollar yig‘ishga muvaffaq bo‘lgan. Gazetaning yozishicha, Tramp kampaniyasi ilgari hech qachon 24 soat ichida bunday yirik summani yig‘magan.

Maqolada keltirilishicha, bunga esdalik sovg‘alari, jumladan, Fulton okrugi qamoqxonasida respublikachining surati tushirilgan futbolkalar va plakatlarning tarqatilishi yordam bergan.

AQSH sobiq prezidentining saylovoldi shtab-kvartirasi so‘nggi uch hafta ichida u kampaniyaga 20 million dollarga yaqin xayriya jalb qilishga muvaffaq bo‘lganini ma’lum qilgan.

“The Hill” nashriga ko‘ra, Amerikaning amaldagi yetakchisi, qayta saylanishga intilayotgan Jo Bayden ikkinchi chorakda 72 million dollarga yaqin xayriya yig‘gan. Tramp xuddi shu davrda 35 million dollar, birinchisida esa – taxminan 18 million dollar jalb etishga muvaffaq bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning sobiq prezidenti Donald Tramp Jorjiya shtatidagi Fulton okrugi qamoqxonasiga borib, u yerda 2020 yilgi saylovga aralashish ishi bo‘yicha rasmiy ravishda hibsga olingandi. Ammo u 200 ming dollar garov evaziga ozod qilingan. Hozirgacha Donald Trampga qarshi to‘rtta jinoiy ish ochilgan. Bular maxfiy hujjatlarni noqonuniy saqlash, moliyaviy hisobotlarini soxtalashtirish, 2020 yilgi saylovlarda mag‘lub bo‘lganiga qaramay, hokimiyatda qolishga va saylovlardagi mag‘lubiyatini bekor qilishga urinish hisoblanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp qamoqxona saylov kampaniyasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing