Trampga qarshi to‘rtinchi jinoiy ish qo‘zg‘atildi

Olam

image

AQSHning sobiq prezidenti Donald Trampga qarshi to‘rtinchi jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Jorjiyadagi katta hakamlar hay’ati unga nisbatan 2020 yilgi saylovlardagi mag‘lubiyatini bekor qilishga urinish bo‘yicha keng qamrovli ayblov e’lon qildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Kecha, 14 avgust kuni kechqurun Fulton okrugi prokurori Fani Uillis tomonidan qo‘yilgan ayblovlar 2024 yilgi prezidentlik saylovlari uchun Respublikachilar partiyasidan nomzod bo‘lish uchun kurashda yetakchi bo‘lgan Tramp oldida turgan huquqiy muammolar ro‘yxatiga qo‘shildi.
98 varaqdan iborat ayblov xulosasida 19 ta ayblanuvchi va jami 41 ta jinoiy holat qayd etilgan. Ayblanuvchilarning barchasi uyushgan jinoiy guruhlar a’zolarini nishonga olishda qo‘llaniladigan va 20 yilgacha qamoq jazosini nazarda tutuvchi reketlikda ayblangan.

Ayblanganlar orasida Oq uy apparatining sobiq rahbari Mark Medouz, Trampning advokatlari Rudi Juliani va Jon Istman ham bor.

“Ayblanuvchilar Jorjiyadagi saylovlar bo‘yicha sud jarayoniga rioya qilish o‘rniga, shtatdagi prezidentlik saylovi natijalarini bekor qilish uchun jinoiy, reketlik bilan shug‘ullangan”, deydi Uillis matbuot anjumanida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Tramp va boshqa ayblanuvchilar 25 avgust kuni tushdan keyinga qadar o‘z ixtiyori bilan taslim bo‘lishlari kerak. U barcha 19 ayblanuvchini birgalikda sud qilish niyatida ekanligini aytgan.

“Ushbu bir tomonlama katta hakamlar hay’ati taqdimoti o‘z shaxsiy va siyosiy manfaatlarini himoya qiladigan guvohlarga tayandi”, deydi Tramp advokatlari Dryu Findling, Jennifer Littl va Marissa Goldberg bu haqdagi bayonotida.

Aytilishicha, 2021 yil 2 yanvardagi telefon qo‘ng‘irog‘ida Tramp Jorjiya saylovoldi rasmiysi Bred Raffenspergerni shtatdagi tor yo‘qotishlarini bartaraf etish uchun yetarlicha ovozlarni “topishga” chaqirgan. Raffensperger bundan bosh tortdi.

Trampning tarafdorlari qonunchilarga Baydenning g‘alabasini tasdiqlashiga to‘sqinlik qilishga urinib, to‘rt kundan so‘ng AQSH Kapitoliysiga bostirib kirgan.

Ayblov xulosasida Tramp yoki uning sheriklari 2020 yil 3 noyabrdagi saylov oldidan 2022 yil sentyabrigacha sodir etgani aytilayotgan bir qator jinoyatlar, jumladan, qonunchilarga saylovlarda firibgarlik sodir bo‘lganligi haqida yolg‘on guvohlik berishlari va shtat amaldorlarini natijalarni o‘zgartirishga chaqirishlari keltirilgan.

Unda aytilishicha, ayblanuvchilar ovoz beruvchilarning soxta jadvallarini taqdim etish orqali AQSHdagi saylov jarayonini buzishga uringan.

Trampning o‘zi esa unga qo‘yilgan ayblovlar soxtalashtirilgani, bu atayin uning siyosiy kampaniyasini buzishga qaratilganini aytgan.

"Bugun sudyalar hay’ati ovoz berishidan ancha oldin e’lon qilingan ayblov hujjatlariga kelsak, ular tezda internetdan olib tashlandi, bu menga soxtalashtirilgandek tuyuladi. Nega ular 2,5 yil oldin ayblov qo‘yishmagan? Chunki ular buni siyosiy kampaniya o‘rtasida amalga oshirmoqchi bo‘lishgan. Jodugar ovi!" deb yozgan siyosatchi Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Donald Tramp ustidan maxfiy hujjatlarni noqonuniy saqlash va “Trump Organization” tashkilotining birinchi darajali moliyaviy hisobotlarini soxtalashtirishda ayblangandi. Joriy yilning 3 avgust kuni  esa Trampga Vashingtondagi Kolumbiya okrugi federal sudi yig‘ilishida 2020 yilgi saylovlarda mag‘lub bo‘lganiga qaramay, hokimiyatda qolishga uringanligi haqidagi rasmiy ayblov o‘qib eshittirildi. Sobiq prezident AQSHga qarshi fitna, o‘zi va uning tarafdorlari ovozlarini bekor qilishga uringan saylovchilarni aldash kabi to‘rtta moddada ayblangan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing