Tramp Isroilning Eronga zarbasini qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortdi – NYT
Olam
−
18 aprel 4697 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Isroilning Eron yadroviy inshootlariga zarba berishni rejalashtirayotganini qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortdi va Tehron bilan muzokara qilishni afzal ko‘rdi. Bu haqda 16 aprel kuni Amerika ma’muriyati vakillari va boshqa manbalarga tayanib, “The New York Times” gazetasi xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Isroil joriy yilning may oyida Eron yadroviy inshootlariga hujum qilishni rejalashtirgan. Operatsiyadan maqsad Eron yadro dasturining rivojlanishini kamida bir yilga sekinlashtirish edi.
Ammo uni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun Qo‘shma Shtatlarning qo‘llab-quvvatlashi kerak edi – ham Eronning qasos olishiga qarshi himoya, ham hujumning asosiy qismini Qo‘shma Shtatlar qilishi uchun.
“Ma’muriyat doirasida bir necha oy davom etgan munozaralardan so‘ng Tramp harbiy ssenariydan voz kechib, asosiy e’tiborni Eron bilan yadro dasturini cheklash bo‘yicha muzokaralarga qaratishga qaror qildi”, deb yozadi NYT.
Oq uy rahbari bu haqda 7 aprel kuni Vashingtonda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuga ma’lum qilgan. Shu bilan birga, AQSH Prezidenti Vashington va Tehron o‘rtasida muzokaralar boshlanganini oshkora e’lon qilgan.
Netanyaxuning Tramp bilan uchrashuvdan so‘ng ibroniy tilidagi bayonotida aytilishicha, Eron kelishuvi barcha yadroviy inshootlar portlatib yuborilsa va jihozlar “Amerika nazorati ostida” demontaj qilinsagina ishlaydi.
12 aprel kuni Ummon poytaxti Maskatda Eron va AQSH o‘rtasida Tehron yadroviy dasturi bo‘yicha birinchi bilvosita muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Amerika tomonidan Trampning maxsus vakili Stiven Uitkoff, Eron tomonidan esa mamlakat Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi ishtirok etdi. Ummon Tashqi ishlar vaziri Badr al-Busaydiy muzokaralarda vositachi sifatida ishtirok etdi.
Uitkoffning so‘zlariga ko‘ra, muzokaralar “juda ijobiy va konstruktiv” bo‘lgan. Aroqchi ham bu muzokaralar muhitini konstruktiv va “o‘zaro hurmatga asoslangan” deb ta’rifladi. Muzokaralarning ikkinchi raundi ertaga, 19 aprel kuni Rimda o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Live
Barchasi