AQSH Eron masalasini tinch yo‘l bilan hal qilmoqchi

Olam

image

Amerika Qo‘shma Shtatlari Eron yadroviy dasturi atrofidagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal qilishni maqsad qilgan va bu borada Ummonda Eron bilan muzokaralar olib borish niyatida. Bu haqda AQSH Prezidenti maxsus vakilining o‘rinbosari Morgan Ortagus “The National ” nashriga bergan intervyusida so‘z ochdi.

“Keling, bir nechta dastlabki uchrashuvlarni o‘tkazaylik va tinch yo‘l bilan yechim topish uchun umumiy asos topish imkoniyati bor-yo‘qligini ko‘rib chiqaylik. Ma’muriyatimiz aniq natijalar va erishish mumkin bo‘lgan maqsadlarga e’tibor qaratmoqda. Jamoamiz tarkibida ko‘plab ishbilarmon doira vakillari bor va biz bitimlarni yaxshi ko‘ramiz. Biz ularga qanday erishishni bilamiz. Bizni jarayonning o‘zi unchalik tashvishga solmaydi”, degan u o‘z intervyusida.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Eron va AQSH ma’muriyati o‘rtasida hali rasmiy muzokaralar bo‘lmagan, shuning uchun bu haqiqatan ham muhim qadam bo‘ladi.

“Hozir shunchaki muzokaralar stoliga o‘tirib, aloqa nuqtalarini topishga harakat qilish muhim. Tomonlar o‘rtasida jiddiy ishonchsizlik mavjud”, deya qo‘shimcha qilgan u.

Ma’lumot uchun, 12 aprel kuni Ummonda AQSH va Eron vakillarining uchrashuvi bo‘lib o‘tadi, unda Eron yadro dasturi atrofidagi vaziyatni tartibga solish parametrlarini muhokama qilish rejalashtirilgan. Oq uyning ta’kidlashicha, muzokaralar bevosita, Tehronning ta’kidlashicha, vositachilar orqali olib boriladi. Amerika delegatsiyasiga Prezidentning maxsus vakili Stiv Uitkoff, Eron delegatsiyasiga esa Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi boshchilik qiladi.

Tehron kelajakda kelishuvdan chiqishga qaror qilishi mumkin bo‘lgan tomonga qarshi sanksiyalar joriy etish imkoniyatini hujjatda belgilashni taklif qilib, Qo‘shma keng qamrovli harakatlar rejasini takomillashtirishni talab qilmoqda. AQSH, o‘z navbatida, nafaqat Eron yadro dasturining harbiy qismi rivojlanishiga yo‘l qo‘ymaslikni, balki Eronning barcha yadroviy ob’ektlarini to‘liq yo‘q qilishni talab qilmoqda. Bundan tashqari, Vashington Tehronning Yaqin Sharqdagi ittifoqchilarini qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishi va Eronning ballistik raketalarni ishlab chiqish dasturini cheklashni talab qilmoqda.

Eron o‘zining tashqi siyosiy va mudofaa imkoniyatlarini cheklashga qaratilgan har qanday urinishlarni qat’iyan rad etib, tinch yadro energetikasini rivojlantirishga bo‘lgan huquqini ta’kidlab keladi.

Eslatib o‘tamiz, AQSH Davlat departamenti matbuot xizmati rahbari Temmi Bryus kecha, 8 aprel kuni brifingda Ummonda AQSH va Eron delegatsiyalari ishtirokida o‘tkazilishi rejalashtirilgan tadbirni muzokaralar emas, balki uchrashuv deb ta’riflash mumkinligini aytgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Amerika Qo'shma Shtatlari Abbos Aroqchi Stiv Uitkoff yadroviy dastur

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing