Tramp inauguratsiyasida radikal tashabbuslarni e’lon qildi
Olam
−
21 yanvar 5830 3 daqiqa
AQSHning yangi Prezidenti Donald Tramp o‘zining inauguratsiyasini mamlakat uchun tarixiy burilish nuqtasi deb atadi va 2025 yil 20 yanvar AQSH fuqarolari uchun "Ozodlik kuni" bo‘lishini aytdi. Bu haqda u kecha, 20 yanvar kuni Vashingtondagi Kapitoliy Rotundasida qasamyod qilganidan so‘ng o‘zining inauguratsion nutqida so‘z ochdi.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, uning prezidentlik saylovidagi g‘alabasi uning dasturini qo‘llab-quvvatlash aholining deyarli barcha qatlamlari, barcha etnik guruhlar va barcha yosh guruhlarida “keskin darajada oshganini” ko‘rsatdi. Oq uy rahbari saylovlarda uni milliy ozchiliklar, xususan, lotin amerikaliklari va osiyolik amerikaliklar faol qo‘llab-quvvatlaganini ta’kidladi.
“Ovoz berish orqali menga ko‘rsatgan katta mehr va ishonchingiz uchun sizga rahmat aytmoqchiman”, dedi u.
Tramp “Amerika tanazzuliga” barham berishga va’da berdi.
"Hozir va shu yerda Qo‘shma Shtatlarning oltin davri boshlanadi", dedi AQSHning 47-Prezidenti.
Tramp mamlakatni "o‘zgarishlar to‘lqini bosib olayotganini" va u Oq uyga "milliy muvaffaqiyatning yangi va hayajonli davrining boshida ekaniga nekbinlik va ishonch bilan" qaytganini ta’kidladi.
Prezident sifatida qasamyod qilganidan so‘ng xalqqa murojaat qilgan Tramp tajovuzkor ohangda bo‘ldi va bir qator keng qamrovli tashqi va ichki siyosat tashabbuslarini e’lon qildi. U energetika sohasida favqulodda holat e’lon qilishga va’da berdi, bu esa qazib olinadigan yoqilg‘i ishlab chiqarishni ko‘paytirish imkonini beradi.
“Biz yana boy davlatga aylanamiz, bunda oyog‘imiz ostidagi suyuq oltin yordam beradi”, dedi u.
Tramp, shuningdek, Qo‘shma Shtatlar yana bir bor Parij iqlim kelishuvidan chiqishini e’lon qildi va mamlakat endi elektr transport vositalari ulushini oshirishga intilmasligini aytdi.
"Bu Amerika avtosanoatini qutqaradi va har kim o‘zi xohlagan mashinani sotib olishi mumkin bo‘ladi, deya qo‘shimcha qildi yangi Prezident.
Tramp, shuningdek, mamlakatga “halokatli bosqinni qaytarish” uchun AQSHning janubiy chegarasiga qo‘shin jo‘natishini ham ko‘rsatdi. AQSHning yangi Prezidenti “millionlab va millionlab” noqonuniy muhojirlarni rejalashtirilgan ommaviy deportatsiya qilishni amalga oshirishini aniq aytdi. U o‘z ma’muriyatini barcha xorijiy to‘dalar va jinoiy tarmoqlarni yo‘q qilish uchun huquqni muhofaza qilish organlarining - federal va shtatning "mutlaqo cheklanmagan kuchi"dan foydalanishga yo‘naltirishini bildirdi.
Tramp, shuningdek, AQSHda faqat ikkita biologik jins - erkak va ayol tan olinishini buyuradi.
“Bugundan boshlab Qo‘shma Shtatlar ma’muriyatining rasmiy siyosati shundan iboratki, faqat ikkita jins mavjud: erkak va ayol", dedi u.
Tramp “jamoat va shaxsiy hayotning barcha jabhalariga irqiy va jinsni ijtimoiy singdirishga urinish siyosatini” tugatishga va’da berdi.
Shuningdek, respublikachi Panama kanalini “qaytarib” olishni va’da qilmoqda. Uning aytishicha, AQSH tarixidagi eng qimmat qurilish loyihasi bo‘lgan kanalni Panamaga berish ahmoqlikdir.
"Amerika kemalari endi Panama kanali orqali o‘tish uchun ortiqcha to‘lovlarni to‘lashiga to‘g‘ri keladi, bu kanal hozir Panama tomonidan emas, balki Xitoy tomonidan boshqariladi, Qo‘shma Shtatlar hech qachon unga bunday huquqlarni bermagan", dedi Tramp.
Bundan tashqari, Tramp Meksika ko‘rfazining nomini Amerika ko‘rfazi deb o‘zgartirish, shuningdek, Shimoliy Amerikadagi eng baland tog‘ Denali tog‘ini avvalgi nomi MakKinliga qaytarish niyatida ekanini ma’lum qildi.
Ma’lumot uchun, 78 yoshli Donald Tramp 2024 yil 5 noyabrda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarida Demokratik partiyadan nomzod va AQSH vitse-prezidenti Kamola Harrisni ortda qoldirib, g‘alaba qozondi. U 2017 yildan 2021 yilgacha AQSH prezidenti lavozimida ishlagan, shundan so‘ng uning o‘rnini demokrat Jo Bayden egallagan. Jeyms Devid Vens AQSHning 50-vitse-prezidenti bo‘ldi.
Live
Barchasi