Tramp dastlabki prezidentlik debatlarida qatnashmoqchi emas

Olam

image

AQSHning sobiq prezidenti Donald Tramp 23 avgust kuni bo‘lib o‘tadigan Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzodlar o‘rtasidagi debatda qatnashmasligini ma’lum qildi. Bu haqda u o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida yozdi.

“CBS tomonidan o‘tkazilgan yangi so‘rovnoma men “afsonaviy” raqamlar bilan yetakchilik qilayotganimni ko‘rsatdi. Tramp 62%. Jamoatchilik mening kimligimni, mening prezidentligim qanchalik muvaffaqiyatli (energiya mustaqilligi, kuchli chegaralar va kuchli armiya, eng katta soliq imtiyozlari, inflyatsiya yo‘qligi va yana ko‘plab jihatlar bilan) bo‘lganini biladi. Bunga asoslanib, men debatda qatnashmayman”, deb yozgan sobiq prezident.

Qayd etish joizki, CBS va YouGov tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnomaga ko‘ra, sobiq prezident Trampning mavqei Respublikachilar partiyasi tarafdorlari orasida o‘ziga qo‘yilgan ayblovlar fonida mustahkamlanmoqda. Respondentlarning 62 foizi Trampni prezidentlikka nomzod sifatida tanlaymiz, deb javob bergan. Ikkinchi o‘rinda 16% ovoz bilan Florida gubernatori Ron DeSantis. Biznesmen Vivek Ramasvami uchinchi o‘rinda edi, respondentlarning 7 foizi uni poyga ishtirokchisi sifatida ko‘rishni xohlaydi. Sobiq vitse-prezidenti Mayk Pens esa 5% ovoz olgan.

Bir necha kun oldin “The New York Times” nashri ham Trampga yaqin manbalariga tayanib, sobiq prezident 23 avgust kuni bo‘lib o‘tadigan Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzodlarning birinchi debatini o‘tkazib yuborishni rejalashtirayotgani va buning o‘rniga jurnalist Taker Karlsonga intervyu berishi mumkinligini xabar qilgan. Debat Karlson avval ishlagan “Fox News” telekanalida efirga uzatiladi. 

Ma’lumot uchun, AQSHda navbatdagi prezidentlik saylovlari 2024 yil noyabrida bo‘lib o‘tadi. Trampdan tashqari, Respublikachilar partiyasidan nomzodlikka sobiq vitse-prezident Mayk Pens, Florida gubernatori Ron DeSantis, biznesmen Vivek Ramasvami, AQSHning BMTdagi sobiq elchisi Nikki Xeyli, Janubiy Karolina senatori Tim Skott va Nyu-Jersi sobiq gubernatori Kris Kristi da’vogarlik qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, hozirgacha sobiq prezident Donald Trampga qarshi to‘rtta jinoiy ish ochilgan. Bular maxfiy hujjatlarni noqonuniy saqlash, moliyaviy hisobotlarini soxtalashtirish, 2020 yilgi saylovlarda mag‘lub bo‘lganiga qaramay, hokimiyatda qolishga va saylovlardagi mag‘lubiyatini bekor qilishga urinish hisoblanadi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Tramp

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing