Tramp bo‘lajak Ichki ishlar kotibi sifatida Shimoliy Dakota gubernatorini ko‘rsatdi
Olam
−
10:51
618AQSH prezidentligiga saylangan Donald Tramp Shimoliy Dakota shtatining gubernatori, sobiq dasturiy ta’minot kompaniyasi rahbari Duglas Bergamni Ichki ishlar kotibi (Ichki ishlar vaziri lavozimiga to‘g‘ri keladi) lavozimiga nomzod etib tanladi. Bu haqda kecha, 14 noyabr kuni Tramp bergan bayonotga asoslanib, “Reuters” xabar berdi.
Trampning aytishicha, 68 yoshli Bergam o‘zini an’anaviy, biznesga yo‘naltirilgan konservator sifatida namoyon etgan. U Respublikachilar partiyasidan prezidentlik nomzodligi uchun Trampga qarshi kurashgan, so‘ngra nomzodini qaytarib olib, uning sodiq tarafdoriga aylangan. Shundan so‘ng, u mablag‘ yig‘ish tadbirlarida ishtirok etib, telekanallar orqali Trampni qo‘llab-quvvatlagan.
2016 yil 8 noyabrda Bergam Shimoliy Dakotadagi gubernatorlik saylovlarida g‘alaba qozongan. To‘rt yil o‘tgach, u 67,84 foiz ovoz bilan ikkinchi muddatga saylangan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, g‘alabadan keyin Tramp hukumatning muhim lavozimlariga tajribasi kam bo‘lgan bir nechta sodiq kishilarini tayinlagan. Bu ba’zi ittifoqchilarni hayratga solgan va uning Amerika institutlarini qayta shakllantirish, hatto ba’zi hollarda sinovdan o‘tkazishga jiddiy munosabatda ekanini yaqqol ko‘rsatgan.
Qayd etilishicha, Ichki ishlar kotibi mamlakatning beshdan bir qismini tashkil etuvchi 500 million akr (202,3 million gektar) federal va qabila yerlaridan foydalanishni boshqaradigan siyosatni nazorat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, so‘nggi kunlarda Donald Tramp o‘zining bo‘lajak ma’muriyatidagi lavozimlarga nomzodlarni tanlamoqda. Tramp Florida shtati senatori Marko Rubioni Davlat kotibi, kongressmen Mett Getsni Adliya vaziri va Bosh prokuror etib tayinlash niyatida ekanini ma’lum qildi. Shuningdek, Tramp “Fox News” telekanali boshlovchisi Pit Xegsetni Pentagon rahbari, kongressmen Mayk Valsni Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi va biznesmen Ilon Maskni AQSH Hukumat samaradorligi departamentiga, Milliy razvedka direktori lavozimiga Tulsi Gabbardni, sobiq mustaqil nomzod kichik Robert Kennedini esa Sog‘liqni saqlash va aholiga xizmat ko‘rsatish departamenti rahbari lavozimiga nomzod qilib ko‘rsatgandi.
Mohinur Karimova
LiveBarchasi