Tramp bilan muzokaraga erisha olmagan Zelenskiy Starmer bilan ko‘rishdi
Olam
−
02 mart 7403 2 daqiqa
Kecha, 1 mart kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Londonga bordi va u yerda Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer bilan uchrashdi. Davlat rahbarlarining muzokaralari Dauning-stritda bo‘lib o‘tdi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Starmer Buyuk Britaniya Ukrainani to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
“Sizni Buyuk Britaniya to‘liq qo‘llab-quvvatlayapti. Biz Ukrainani qancha vaqt kerak bo‘lsa, qo‘llab-quvvatlaymiz. Umid qilamanki, sizni va Ukrainani qo‘llab-quvvatlayotgan odamlarning olqishlarini eshitdingiz”, dedi Starmer o‘z qarorgohi oldiga urushda qolgan mamlakatni qo‘llab-quvvatlovchi plakatlar bilan yig‘ilganlarga ishora qilib.
Britaniya hukumati rahbari Londonning maqsadi Ukraina uchun suverenitet va xavfsizlik asosida mustahkam tinchlikka erishish ekanini qo‘shimcha qildi.
Zelenskiy uchrashuvdan so‘ng o‘zining Telegram sahifasida post qoldirdi. Unda Starmer bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv “iliq” kechganini yozgan.
“Muzokaralarimiz davomida biz bugun Ukraina hamda butun Yevropa oldida turgan muammolarni, hamkorlar bilan muvofiqlashtirishni, Ukraina pozitsiyasini mustahkamlash va urushni adolatli tinchlik bilan tugatish bo‘yicha aniq qadamlar, shuningdek, ishonchli xavfsizlik kafolatlarini muhokama qildik”, deya yozgan u.
“Sky News”ning yozishicha, Ukraina Moliya vaziri Sergey Marchenko va Buyuk Britaniya Moliya vaziri Reychel Rivz Ukrainaga 2,26 milliard funt sterling miqdorida yordam ko‘rsatish bo‘yicha kelishuvni imzolagan. Bu mablag‘lar G7 mamlakatlari tashabbusi bilan Ukraina uchun daromadlarni favqulodda tezlashtirish (ERA) dasturi doirasida ajratilgan. Moliya vazirliklari rahbarlari o‘rtasida shartnomani imzolash marosimi onlayn rejimda bo‘lib o‘tgan.
Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmerning taklifiga binoan bugun, 2 mart kuni Londonda Ukraina bo‘yicha Yevropa sammiti bo‘lib o‘tadi. Unda davlat rahbarlari, shuningdek, NATO Bosh kotibi Mark Ryutte, Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen va Yevropa kengashi raisi Antoniu Koshta ishtirok etadi. Sammitda tomonlar Yevropaning Ukrainani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha keyingi harakatlari, shuningdek, mumkin bo‘lgan tinchlik muzokaralarini muhokama qiladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 27 fevral kuni Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan Oq uydagi uchrashuvda Buyuk Britaniya Ukrainada tinchlikni saqlash uchun qo‘shin va samolyotlar yuborishga tayyorligini bildirgandi.
Live
Barchasi