Tramp ash-Shara bilan uchrashishga rozi bo‘ldi
Olam
−
14 may
3670AQSH Prezidenti Donald Tramp Saudiya Arabistonida Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shara bilan uchrashishga rozi bo‘ldi. Bu haqda Oq uy vakili jurnalistlarga ma’lum qildi.
“Prezident [Tramp] Saudiya Arabistonida bo‘lganida Suriya prezidentini ertaga (14-may) kutib olishga rozi bo‘ldi”, dedi Amerika rasmiysi.
U boshqa tafsilotlarni keltirmadi.
Birlashgan Arab Amirliklarining “The National” gazetasining xabar qilishicha, ash-Shara bugun, 14 may kuni Saudiya Arabistoniga tashrif buyuradi va u yerda Tramp bilan Fors ko‘rfazi hamkorlik kengashi sammiti doirasida uchrashishi mumkin.
Gazetaning Suriya TIVdagi manbasiga ko‘ra, Ar-Riyod Tramp va ash-Shara o‘rtasida “45 daqiqalik uchrashuv” o‘tkazishni taklif qilgan.
Suriya Tashqi ishlar vazirligining yana bir mulozimining gazetaga aytishicha, Ar-Riyod Damashq va Vashington o‘rtasidagi munosabatlarda vositachi rolini o‘z zimmasiga olgan. Uning ta’kidlashicha, uchrashuv natijasi, agar u bo‘lib o‘tsa, “saudiyaliklarga bog‘liq bo‘ladi”.
Nashr manbalaridan biriga ko‘ra, ash-Shara va Tramp o‘rtasidagi ehtimoliy suhbatning asosiy mavzusi Amerikaning Suriyaga qarshi sanksiyalarini bekor qilish bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, Tramp 12 may kuni Turkiya yetakchisi Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan Suriya bo‘yicha, jumladan, sanksiyalarni bekor qilish maqsadida hamkorlik qilishga tayyorligini tasdiqladi. Uning ishontirishicha, Amerika ma’muriyati suriyaliklarga “toza varaqdan boshlash” imkoniyatini bermoqchi.
Amerika yetakchisi Saudiya Arabistoniga 13 may kuni Yaqin Sharqqa safari doirasida yetib keldi. 14 may kuni Ar-Riyodda AQSH va Fors ko‘rfazi hamkorlik kengashi qo‘shma sammit o‘tkazishi rejalashtirilgan.
LiveBarchasi