Tramp 60 kun ichida AQSH “Temir gumbaz”ini ishlab chiqishni buyurdi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp “Temir gumbaz” deb nomlangan milliy raketaga qarshi mudofaa tizimini ishlab chiqish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Bu haqda kecha, 27 yanvar kuni Oq uy matbuot xizmati xabar berdi.

Hujjat Floridadan Merilendga parvoz paytida imzolangan.

"Ballistik, gipertovushli va qanotli raketalar, shuningdek, boshqa ilg‘or havo hujumi imkoniyatlaridan foydalangan holda hujum qilish tahdidi Qo‘shma Shtatlar oldida turgan eng halokatli tahdid bo‘lib qolmoqda", deyiladi hujjatda.

Tramp Mudofaa vaziri Pit Hegsetga 60 kun ichida yangi “Temir gumbaz” raketaga qarshi mudofaa tizimini loyihalash va joylashtirish rejasini taqdim etishni buyurgan.

"Ushbu buyruq chiqarilgan kundan boshlab 60 kun ichida Mudofaa vaziri Prezidentga yangi avlod raketaga qarshi mudofaa qalqoni arxitekturasi va rejasini taqdim etadi", deyiladi hujjatda.

20 yanvar inauguratsiya kuni Tramp ushbu raketaga qarshi mudofaa tizimi mamlakat ichida ishlab chiqarilishini ma’lum qildi.

“Men harbiylarimizga butunlay AQSHda ishlab chiqariladigan buyuk Temir gumbaz raketadan mudofaa qalqoni qurilishini boshlashni buyuraman”, dedi u.

Ma’lumot uchun, "Temir gumbaz" tizimi AQSH ko‘magida Isroil tomonidan ishlab chiqilgan. U qisqa masofali raketalarni urib tushirishga ixtisoslashgan. 2011 yilda ishlay boshlaganidan beri tizim minglab raketalarni, jumladan, so‘nggi urush paytida HAMAS va "Hizbulloh" Isroilga uchirgan raketalarni tutib olgan. Isroil uning muvaffaqiyat darajasi 90% dan ortiq ekanligini da’vo qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Tramp saylovoldi kampaniyasi davrida 2024 yil 23 yanvar kuni Nyu-Xempshirdagi tarafdorlari oldida qilgan chiqishida saylovda g‘alaba qozonsa, Isroildagi “Temir gumbaz”ga o‘xshash raketaga qarshi mudofaa tizimini mamlakat uzra joylashtirishga va’da bergan edi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp Temir gumbaz

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing