Tramp Hindiston bilan savdo bitimidan voz kechdi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Rossiya neftini import qilishni to‘xtatmaguncha Hindiston bilan savdo bitimini imzolashdan bosh tortdi. Bu haqda uch manbaga tayanib “The Washington Post” xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, yaqinda AQSH Davlat kotibi Marko Rubio va AQSH Savdo vakili Jeymison Grir Trampga Hindiston bilan savdo bitimi loyihasini taqdim etgan. Unga ko‘ra, Hindiston Amerika mahsulotlariga qo‘yiladigan bojlarni keskin pasaytirishi kerak edi. Ammo Prezident Hindiston Rossiya neftidan voz kechmaguncha, bitimni ma’qullamasligini aytgan.

Manbalarning ta’kidlashicha, AQSH va Hindiston o‘rtasidagi munosabatlar so‘nggi o‘n yilliklardagi eng past darajaga tushib qolgan. Bunga Trampning savdo bo‘yicha maslahatchisi Piter Navarro Hindistonni tanqid qilgani ham sabab bo‘lgan. U mamlakatni Rossiya neftini sotib olayotgani uchun qoralab, uning bo‘yniga Ukrainadagi urushni davom ettirish aybini ham yuklagan. Tramp ma’muriyatidagi rasmiylardan birining so‘zlariga ko‘ra, Navarro muzokaralarda qatnashmagani bois uning izohlari “foydasiz” hisoblanadi. 

Vashington vakillari Hindistondan Rossiya nefti masalasida keskinroq choralar ko‘rishni talab qilmoqda. Oq uy vakili Anna Kelli Tramp va Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi o‘rtasida “hurmatga asoslangan munosabatlar” mavjudligini aytgan. Davlat departamenti esa “Hindiston ko‘proq ish qilishi kerak”ligini ta’kidlagan.

Tramp o‘zining Truth Social platformasida Hindiston Rossiyadan neft va harbiy mahsulotlarni ko‘proq, AQSHdan esa juda kam miqdorda sotib olayotganini yozgan. U shuningdek, Nyu-Dehlining bojxona to‘lovlarini nolga tushirish taklifi “kechikkanini” bildirib, AQSH-Hindiston iqtisodiy aloqalarini “falokat” deb atagan. 

“Axios” nashrining yozishicha, AQSH Yevropani ham Rossiya energiya resurslarini import qilishni davom ettirayotgan Hindiston va Xitoyga qo‘shimcha savdo bojlarini joriy etishga chorlamoqda.

Qayd etish joiz, AQSH Rossiya bilan savdo qilgani uchun Hindistonga katta bojlar bilan tahdid qilib keladi. O‘tgan oyda Tramp ma’muriyati Rossiya bilan aloqa qilgani uchun Nyu-Dehliga qarshi qo‘shimcha boj choralarini joriy qildi. Avval 25 foizlik boj kiritilgan bo‘lsa, 27 avgustdan boshlab umumiy tarif 50 foizga yetdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hindiston Tashqi ishlar vazirligi AQSH va Yevropa Ittifoqining Rossiyadan neft importi bo‘yicha tanqidlarini “asossiz va mantiqsiz” deb atagandi. Vazirlikka ko‘ra, g‘arbliklarning o‘zi ham Rossiya bilan aloqalarni uzmagan va hozirgacha sherikchilik qilib keladi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Donal'd Tramp Hindiston Marko Rubio

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing