AQSHning Hindistonga 50 foizlik bojlari kuchga kirdi

Olam

image

Bugun, 27 avgust kunidan boshlab AQSH Hindistondan olib kiriladigan mahsulotlarga 50 foizlik boj kuchga kirdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Vashington bu chorani Hindistonning Rossiya neftini xarid qilayotgani bilan izohlagan. Tomonlar besh bosqich muzokara o‘tkazgan bo‘lsa-da, natija bo‘lmagan. Nashr manbasiga ko‘ra, Hindiston hukumatida bojlarning tez orada yumshatilishiga umid yo‘q. Rasmiylar eksportchilarga yordam berishni va eksport oqimlarini Xitoy, Lotin Amerikasi hamda Yaqin Sharq bozorlariga yo‘naltirishni rejalashtirmoqda. 

AQSH Prezidenti Donald Trampning so‘zlariga ko‘ra, Moskva energiya savdosidan tushgan mablag‘ni Ukraina urushini moliyalashtirish uchun ishlatmoqda. Qo‘shimcha qilinishicha, bu Tramp savdo hamkorlariga qarshi qo‘llagan eng yuqori boj stavkalaridan biri hisoblanadi.

Shu bilan birga, boj barcha mahsulotlarga emas, ayrim toifalarga tatbiq etilmoqda. Masalan, farmatsevtika mahsulotlari va kompyuter chiplariga istisno qilingan. Trampning aytishicha, kelajakda bu toifalar uchun ham alohida boj turlari joriy etilishi mumkin.

So‘nggi uch hafta davomida AQSH Hindiston importiga 25 foizlik jarima tariflarini qo‘llab kelayotgan edi. Endilikda ular 50 foizga yetdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Hindiston Rossiya neftining eng yirik xaridorlaridan biri bo‘lib, Xitoydan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. 2022 yil fevralida urush boshlanganidan buyon Hindistonning Rossiyadan neft importi 2 foizdan 36 foizgacha oshgan.

Tanqidchilarning ta’kidlashicha, ayrim G‘arb mamlakatlari rasmiy sanksiyalarni qo‘llab-quvvatlayotgan bo‘lsa-da, aslida Rossiya neftini Hindiston orqali xarid qilishni davom ettirmoqda. Bosh vazir Narenda Modi esa mamlakat energiya ta’minotida mustaqillikka erishishni asosiy maqsad sifatida ko‘rsatmoqda.

“The New York Times” nashrining qayd etishicha, boj stavkasining oshishi AQSH va Hindiston iqtisodiy aloqalarini zaiflashtirishi mumkin. Chunki Hindistonda yirik Amerika korporatsiyalarning uchdan ikki qismi faoliyat yuritadi. Bundan tashqari, vaziyat dunyodagi to‘rtinchi yirik fond bozori hisoblangan Hindiston birjasidagi milliardlab xorijiy investitsiyalar barqarorligiga xavf tug‘dirmoqda.

Xabar qilinishicha, Tramp boj e’lon qilinishidan oldin to‘rt marta Hindiston Bosh vaziri Narenda Modiga qo‘ng‘iroq qilmoqchi bo‘lgan, biroq Modi suhbatdan bosh tortgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Hindistondagi elchixonasi mamlakat Hindistonga neft sotib olayotgani uchun 5 foizlik chegirma joriy qilishi haqida xabar bergandi. Elchixonaning bildirishicha, Hindiston Rossiyadan taxminan 5 foizlik chegirma bilan neft olib kelishni boshlab yuborgan. Bu chegirma AQSHning Rossiya bilan savdo qilgani uchun jazolash maqsadida hind mahsulotlariga 25 foiz boj solishi mumkinligi fonida berilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Hindiston neft

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing