Tojikistonlik migrantlarning tekshirilishi Moskva-Dushanbe aloqalariga ta’sir qiladimi?

Olam

image

Rasmiy Dushanbe Rossiyada huquq-tartibot idoralari xodimlarining Tojikistondan kelgan mehnat muhojirlarini tekshirishini ikki davlat munosabatlariga bosim va ta’sir ko‘rsatish harakati deb bilmaydi. Bu haqda Tojikiston Tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin matbuot anjumanida so‘z ochdi. 

“Rossiya Federatsiyasi bilan munosabatlarimiz yuqori darajada ekanini hisobga olsak, hech qanday bosim bo‘lishi mumkin emas”, degan u Tojikiston fuqarolarining tekshirilishini o‘ziga nisbatan bosim deb hisoblaydimi, degan savolga javob berar ekan.

Shu bilan birga, u bu kabi tekshiruvlar vaqtida fuqarolar huquqlariga rioya etilishini muhim deb bilishini aytgan. 

“Biz migratsiya jarayonini tartibga solish bo‘yicha bunday rejali va rejadan tashqari chora-tadbirlarni amalga oshirish jarayonida Rossiyada bo‘lgan Tojikiston fuqarolarining asosiy huquq va erkinliklariga rioya etilishi kerak, deb hisoblaymiz”, deydi TIV rahbari.

Uning ta’kidlashicha, bu pozitsiya ularning Rossiyadagi hamkasblariga yetkaziladi. 

"Rossiyadagi diplomatik vakolatxonalarimiz doimiy ravishda fuqarolarimizning ahvoli va ularning huquqlarini himoya qilish bilan bog‘liq masalalar ustida ishlamoqda. Biz Tojikiston fuqarolarini o‘zlari joylashgan mamlakat hududida o‘z hayotlarini va mehnat faoliyatini olib borishga chaqiramiz. Shu bilan birga, Tojikistonning tegishli organlari Rossiyadagi hamkasblari bilan mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlikni kuchaytirishlari kerak”, deydi Muhriddin.

Ma’lumot uchun, joriy yilda OAVda Tojikiston fuqarolari Rossiyada hibsga olingani haqida bir necha bor xabar berilgan. Tojikiston tomoniga ko‘ra, mahbuslarga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lish holatlari kuzatilgan. Tojikiston Ichki ishlar vazirligi va Bosh prokuraturasi rahbariyati rossiyalik hamkasblaridan respublika fuqarolari bilan sodir bo‘lgan bir necha holatlar tufayli huquq-tartibot idoralari xodimlarining harakatlarini tekshirish va ularga huquqiy baho berishni so‘ragan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning may oyida Rossiyadagi Komsomolskiy-na-Amure davlat universitetida tahsil olayotgan yuzdan ortiq tojikistonlik talaba Rossiya huquq-tartibot idoralari tomonidan so‘roqqa tutilgan va ularga shafqatsiz munosabatda bo‘lingandi. Mazkur holat yuzasidan Rossiyaning Dushanbedagi elchisi Tojikiston Tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirilgandi. Iyun oyida esa Sankt-Peterburg shahridagi qurilish maydoni hududida mehnat migrantlari o‘rtasida bo‘lgan ommaviy mushtlashuvdan so‘ng 380 kishi politsiya bo‘limlariga olib ketilgandi. Ular orasida ham tojikistonliklar bor edi. Avgust oyida esa Tojikiston Ichki ishlar vaziri Ramazon Rahimzoda Rossiya qamoqxonalarida jazo muddatini o‘tayotgan 100 ga yaqin tojikistonliklarning Ukrainadagi urushga yuborilganini aytgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Tojikiston migrantlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing