Sankt-Peterburgdagi migrantlarning ommaviy mushtlashuvi ortidan 380 kishi hibsga olindi (video)
Olam
−
07 iyun 2023 13883 2 daqiqa
Rossiyaning Sankt-Peterburg shahridagi “Laxta-Sentra” qurilish maydoni hududida mehnat migrantlari o‘rtasida ommaviy mushtlashuv sodir bo‘ldi. 380 kishi Sankt-Peterburg politsiya bo‘limlariga olib ketildi. Bu haqda “Izvestiya” xabar berdi.
Aytilishicha, ommaviy mushtlashuv 3 iyun kuni kechqurun “Laxta-Sentra” hududidagi oshxonada boshlangan, keyin ishchilar ko‘chaga chiqib, janjalni davom ettirgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarga ko‘ra, mushtlashuv chog‘ida armatura bo‘laklari, toshlar va qurilish niqoblari ham qo‘llangan.
Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, mushtlashuv oqibatida bir nafar Qirg‘iziston fuqarosi kasalxonaga yetkazilgan. Profilaktik chora-tadbirlar o‘tkazilgandan so‘ng, janjalning taxminiy tashkilotchisi bo‘lgan to‘rt nafar shaxs aniqlangan. Ular ham qirg‘izistonlik bo‘lib, to‘rtalovi ham bir qurilishda ishlagan. Hibsga olingan boshqa muhojirlar haqida ma’lumot berilmagan.
Tojikiston ommaviy axborot vositalarining yozishicha, mushtlashuv Tojikiston va Qirg‘izistondan borgan migrantlar orasida bo‘lgan.
Rossiyadagi “Izvestiya” nashri esa ommaviy mushtlashuvga dastlabki sabab sifatida bepul oziq-ovqat talashishni ko‘rsatgan. Bildirilishicha, bu hududda noqonuniy oziq-ovqat savdosi tashkil etilgan, politsiya esa bunga chek qo‘ygan. Shundan keyin ishchilar oziq-ovqatni tekinga olib ketishga harakat qilgan.
“Qurilish ishchilarining so‘zlariga ko‘ra, oziq-ovqat egasi bo‘lmagan, shuning uchun ham bepul edi. Shu sababli, ko‘p sonli ishchilar bu yerda bepul ovqatlanish umidida to‘planadi va shu asosda nizolar kelib chiqadi, ba’zida janjal kelib chiqadi”, deb yoziladi nashrda.
Ma’lumot uchun, buyurtmachisi va investori “Gazpromneft Sharqiy Yevropa loyihalari” bo‘lgan “Laxta-Sentra” qurilish maydonlarida minglab odamlar, jumladan, Tojikiston, O‘zbekiston va Qirg‘iziston fuqarolari mehnat qiladi.
Live
Barchasi