Tojikistondan O‘zbekistonga 55 kg narkotik olib o‘tmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi (video)
Jamiyat
−
22 avgust 2023
18078Toshkent viloyati Bojxona boshqarmasining “Oybek” chegara bojxona postida O‘zbekiston hududiga 55 kilogramm narkotik moddasini olib o‘tmoqchi bo‘lgan Tojikiston fuqarosini ushlandi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 17 avgust kuni Toshkent viloyati Bojxona boshqarmasining “Oybek” chegara bojxona posti xodimlari tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbir davomida gihyovandlik vositalarini respublika hududiga g‘ayrioddiy usulda olib kirishga uringan shaxs ushlangan.
Unga ko‘ra, Tojikiston fuqarosi yengil avtotransport vositasini boshqarib, O‘zbekiston hududiga kirib kelayotgan paytda postdagi ko‘rik majmuasi orqali ko‘zdan kechirilgan.
Bojxona ko‘rigi davomida mashinaning gaz balloni ichiga turli shakldagi 49 dona va benzin baki ichiga 31 dona poliyetilen o‘ramdagi shubhali moddalar yashirilgani aniqlangan. O‘ramlar chiqarib olinib, ichidagi modda Markaziy bojxona laboratoriyasida tekshiruvdan o‘tkazilgan. Ekspertiza xulosasiga binoan ularning 52 kilogramm 877 grammi gashish hamda 2 kilogrammdan ziyodi geroin, 1 dona yelim idish ichidagi modda esa 950 gramm sintetik giyohvandlik vositasi ekani ma’lum bo‘lgan.
Hozirda holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, bojxona xodimlari tomonidan joriy yilning o‘tgan davri mobaynida aniqlangan 329 ta bojxona qonunbuzilishi holatlarida 298 kilogramm og‘irlikdagi giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yilgan.
LiveBarchasi