Tojikistonda qo‘lga olingan xavfli jinoyatchi Toshkentdagi “Ilhom” teatri rahbarini o‘ldirgan
Jamiyat
−
04 aprel 2019
7821Joriy yilning 2 aprel kuni Tojikistonda hibsga olingani haqida xabarlar tarqalgan Chinchak laqabli jinoiy guruh rahbari Yoqub Ahrorzoda Toshkentning “Ilhom” teatri rahbari Mark Vaylning qotili bo‘lib chiqdi.
“Ahbor” nashri xabariga ko‘ra, Chinchak –Yoqub Ahrorovich G‘afurov tojik muxolifatining sobiq jangarisi aslida Tojikiston huquq-tartibot organi xodimlari tomonidan hibsga olinmagan. Balki, O‘zbekistondan ekstraditsiya qilingan.
Toshkentdagi “Ilhom” teatri rahbari Mark Vaylni 2007 yilda o‘ldirganlikda ayblanib, 2010 yilning 17 fevral kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi hukmi bilan 20 yilga ozodlikdan mahrum qilingan Ëqub G‘afurov Tojikistonga topshirildi.
Bosh prokuratura matbuot xizmatining xabar berishicha, Tojikiston fuqarosi Yoqub G‘afurov 2010 yil fevral oyida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97- (Qasddan odam o‘ldirish), 159- (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish), 228- (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) va boshqa moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilib, 20 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.
Qayd etilishicha, Tojikiston Respublikasi Bosh prokuraturasi O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga Yoqub G‘afurovni Tojikiston hududida amalga oshirilgan jinoyatlar uchun javobgarlikka tortish maqsadida tojik tomonining tegishli organlariga topshirish haqida so‘rov yuborgan.
2019 yilning 19 yanvar kuni O‘zbekiston Bosh prokuraturasi yuqorida ko‘rsatilgan so‘rovni qanoatlantirgan va 2019 yil 12 fevral kuni sudlanuvchi Yoqub G‘afurov 1993 yil 22 yanvardagi Fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar bo‘yicha huquqiy yordam va huquqiy munosabatlar to‘g‘risidagi konvensiya hamda 2000 yil 15 iyundagi O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida topshirish to‘g‘risidagi bitimga muvofiq Tojikiston tegishli organlariga vaqtinchalik topshirilgan.
Bosh prokuratura xabarida aytilishicha, tojik tomoni G‘afurov keyinchalik O‘zbekistonga jazo muddatini o‘tashda davom etishi uchun qaytarilishi bo‘yicha kafolatlar bergan.
Ma’lumot uchun, “Ilhom” teatri rahbari va asoschisi, rejissyor Mark Vayl 2007 yilning 6 sentyabrida, teatrning 32-mavsumi ochilishidan bir kun oldin o‘z uyi yo‘lagida pichoqlab ketilgan va keyinchalik shifoxonada vafot etgan. U 55 yoshda bo‘lgan.
LiveBarchasi