Poytaxt hokimligi “Ilhom” teatri bo‘yicha vaziyatga munosabat bildirdi
Jamiyat
−
11 fevral 2020
6163Avvalroq, Toshkentdagi “Ilhom” teatri yopilishi mumkinligi, “Shodlik” mehmonxonasining yangi egasi binoni bo‘shatib qo‘yishni so‘ragani ma’lum bo‘lgandi. Toshkent shahar hokimligi “Ilhom” teatri bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha ma’lumot berdi.
Unda ta’kidlanishicha, “Shodlik” mehmonxonasi binosi xususiy tadbirkorga tegishli bo‘lib, Toshkent shahar hokimligi tasarrufida emas.
“Shayxontohur tumani hokimligi tadbirkorga ushbu binoni rekonstruksiya qilish tashabbusi bilan chiqqanligiga oid ma’lumot esa o‘rganilmoqda”, deyladi xabarda.
Hokimlik bu masala aniqlashtirilgach, uning tafsilotlari haqida yana ma’lumot berishini qayd etgan.
Eslatib o‘tamiz, “Ilhom” teatri asoschisi Mark Vayl 2007 yil 6 sentyabrda o‘ldirilgandi. Unga uyining pod’ezdida hujum qilingan. Og‘ir tan jarohatlarini olgan 55 yoshli Mark Vayl shifoxonada vafot etgan.
2010 yil 17 fevral kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi Yoqub G‘afurovni O‘zbekiston hududida bir qator jinoyatlarni sodir etgani uchun 20 yil muddatga ozodlikdan mahrum etgan edi. Jumladan, Yoqub G‘afurov sheriklari Alisher Sattorov va Qahramon Po‘latov bilan “Ilhom” teatri asoschisi Mark Vaylning o‘limida aybdor deb topilgandi.
O‘tgan yil aprel oyida O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Tojikiston Bosh prokuraturasi so‘rovi bo‘yicha mahkum Yoqub G‘afurovni (Tojikiston fuqarosi, 1973 yilda tug‘ilgan) qo‘shni davlat vakolatli organlari qo‘liga topshirgandi.
LiveBarchasi