Tojikiston O‘zbekistondan elektr energiyasi olishni boshladi
Jamiyat
−
10:50 2291 2 daqiqa
Tojikistonda energiya ta’minoti bilan bog‘liq vaziyat ma’lum darajada O‘zbekistondan elektr energiyasi yetkazib berilishi hisobiga yaxshilandi. Bu haqda “Asia Plus” xabar berdi.
Qayd etilishicha, ayni paytda Tojikiston sutkasiga 2 mln kVt/soatgacha elektr energiyasi olyapti. O‘zbekistonning imkoniyatlari kengaygan taqdirda yetkazib berish hajmlarini oshirish ham rejalashtirilgan.
Shuningdek, Tojikiston Energetika vazirligi ma’lum qilishicha, Qozog‘iston va Turkmanistondan elektr energiyasi yetkazib berish bo‘yicha energetika vazirlari darajasida dastlabki kelishuvlarga erishilgan. Hozirda ushbu davlatlardan yetkazib berish bilan bog‘liq texnik masalalarni hal etish ustida ishlar olib borilmoqda.
Tojikiston tashqi bozorlarga faqat mamlakatning janubi-g‘arbiy qismi orqali — O‘zbekiston energetika tizimi (500 kVli “Regar-Guzar” yuqori kuchlanishli elektr uzatish liniyasi) orqali chiqish imkoniyatiga ega. Turkmaniston va Qozog‘iston elektr energiyasini tranzit qilish uchun O‘zbekiston energetika tizimining o‘tkazish qobiliyatini inobatga olgan holda masalalarni kelishib olish talab etiladi.
Vazirlik qayd etishicha, ushbu masalalarni avtomatik tarzda hal qilish imkonini beruvchi Markaziy Osiyo Birlashgan energetika tizimi (BET) doirasida Tojikiston energetika tizimining parallel ishlashi respublika shimolidagi elektr liniyalari mintaqaviy “energiya halqasi”ga ulanganidan so‘ng yo‘lga qo‘yiladi.
Tojikistonning Markaziy Osiyo BETga to‘liq qo‘shilishi 2026 yilning birinchi choragida kutilmoqda.
Tojikistonda sentyabrning oxirgi o‘n kunligidan beri elektr energiyasi yetkazib berishga cheklovlar qo‘yilgan. Noyabr oxirida esa elektr energiyasiga qo‘shimcha cheklovlar joriy etilgani sababli vaziyat yanada keskinlashdi.
Qoidalarga ko‘ra, cheklovlar davrida 5 kVtgacha quvvatga ega birinchi guruh iste’molchilari (Dushanbe bundan mustasno) elektr tarmog‘idan uziladi, «aqlli hisoblagichlar» belgilangan tartibda billing tizimidan vaqtincha o‘chirib qo‘yiladi. Byudjet tashkilotlari hamda davlat korxonalarida elektr ta’minoti soat 18:00 dan keyingi ish kuni boshlanguniga qadar to‘xtatiladi. Shuningdek, strategik ahamiyatga ega bo‘lmagan ko‘cha yoritish tizimlari o‘chiriladi, elektromobillar uchun quvvatlash stansiyalari esa 18:00 dan 22:00 gacha ishlamaydi.
O‘tgan hafta “Taqsimlovchi elektr uzatish tarmoqlari” AJ vakillari mamlakat aholisi (Dushanbe shahri bundan mustasno) hozirda ertalab soat 5:30 dan 8:00 gacha va kechqurun soat 17:30 dan 21:00 gacha elektr energiyasi olayotganini aytgan.
Biroq Tojikiston hududlaridagi aholi vakillari elektr energiyasini ertalab va kechqurun ikki soatdangina olayotganini ta’kidlamoqda. So‘nggi kunlarda Dushanbe shahrining turli tumanlari aholisi ham vaqt-vaqti bilan bir necha soatga chiroqsiz qolmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tojikistonda elektr ta’minotiga cheklovlar joriy qilingandi.
Live
Barchasi