Tojikistonda elektr ta’minotiga cheklovlar joriy qilindi
Olam
−
29 noyabr 2025 5109 2 daqiqa
Tojikistonda elektr energiyasi ta’minotiga cheklovlar joriy qilindi. Bugun, 29 noyabr kuni mamlakatda ish kuni tugaganidan so‘ng barcha byudjet tashkilotlarida chiroq o‘chirib qo‘yiladi. Bu haqda “Asia-Plus” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Tojikistonning “Elektr tarmoqlari taqsimlovchi” kompaniyasi mamlakat bo‘ylab o‘z filiallariga ayrim iste’molchi toifalariga elektr yetkazib berishni cheklash bo‘yicha qo‘shimcha ko‘rsatmalar yuborgan. Qo‘shimcha cheklovlar qancha muddatga joriy etilishi ma’lum qilinmagan.
Elektr tarmoqlarini taqsimlash kompaniyasi vakillari elektrni o‘chirish va cheklashlarni Nurek suvomboridagi suv sathining pastligi bilan izohlagan.
Qanday cheklovlar joriy etiladi:
- 5 kVtgacha quvvat iste’mol qiluvchi 1-guruh iste’molchilari (Dushanbe shahridan tashqari), jumladan, sanoat va nosanoat ob’ektlari, cheklov davrida elektr tarmog‘idan uzib qo‘yiladi;
- “Aqlli hisoblagichlar” ham cheklov davrida belgilangan tartibda navbatma-navbat elektr energiyasi hisobidan uzib qo‘yiladi;
- byudjet tashkilotlari va davlat korxonalarida elektr energiyasi ta’minoti soat 18:00 dan keyingi ish kuni boshlangunga qadar to‘xtatiladi;
- strategik ahamiyatga ega bo‘lmagan ob’ektlarga tegishli ko‘cha yoritgichlari o‘chirib qo‘yiladi;
- elektromobillar uchun barcha quvvatlash stansiyalari (EV charging station) soat 18:00 dan 22:00 gacha o‘chirib qo‘yiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston va O‘zbekiston kuz-qish mavsumida Qirg‘izistonga elektr energiyasi yetkazib berishi haqida xabar berilgan edi. Bu Qirg‘iziston tomoniga qishda elektr ishlab chiqarish hajmini kamaytirish va To‘xtagul suvomborida suv to‘plash imkonini beradi.
Live
Barchasi