Tojik-qirg‘iz mojarosi: yaralangan va qurbonlar soni qanchaga yetdi?
Olam
−
29 aprel 2021
13703Xabaringiz bor, so‘nggi paytlarda Qirg‘iziston va Tojikiston chegara hududida keskinlik paydo bo‘ldi. Keyinchalik bu mojaro aholi o‘rtasidagi toshbo‘rondan ikki mamlakat harbiylarining to‘qnashuviga ulanib ketdi.
Hozirda vaziyat rasmiylar tomonidan nazoratga olindi. Qirg‘iziston va Tojikiston Tashqi ishlar vazirlari o‘q uzishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Qirg‘iziston tomonidan
Biroq yuqorida qayd etilganidek vaziyatga harbiylarning aralashuvi ushbu mojaroda qon to‘kilishiga olib keldi. Oqibatda Qirg‘iziston tomonidan 46 kishi jabrlandi.
Qirg‘iziston Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy rivojlanish vazirligiga ko‘ra, hodisa oqibatida yaralanganlardan biri ambulatoriya sharoitida davolanmoqda, yana biri vafot etgan.
“Yaralangan va tanasining turli qismlaridan shikastlangan jabrdiydalarning qolgan qismi Botken viloyati sog‘liqni saqlash tashkilotlariga yotqizilgan”, deyiladi vazirlik xabarida.
Tojikiston tomonidan
Ushbu to‘qnashuv oqibatida Tojikistonning Isfara shahri hokimi Bahovuddin Bahodurzoda yelkasidan yaralangan.
“Uning ahvoli barqaror deb baholanmoqda, xavotirga o‘rin yo‘q”, deyiladi manba xabarida.
Isfara shahar hokimligi ma’muriyatiga ko‘ra, tojik tomonidan 31 kishi yaralangan va uch kishi halok bo‘lgan.
Qirg‘iz-tojik chegarasidagi mojaro
Joriy yilning 17 aprel kuni Tojikiston va Qirg‘izistonning chegaradosh qishloqlari aholisi o‘rtasida janjal yuz berdi. Bunga Qirg‘iziston tomoni Tojikiston bilan kelishmasdan ikki davlat uchun umumiy bo‘lgan asosiy suv taqsimlash inshooti – “Golovnaya” oldida ko‘prik qurish harakatini boshlagani sabab bo‘ldi.
Shundan so‘ng, Tojikiston tomoni “Golovnaya” suv taqsimlash punkti yonidagi elektr ustuniga videokameralar o‘rnatishni boshlagan. Bundan norozi bo‘lgan qirg‘izlar kameralarni olib tashlashni so‘ragan. Shu bilan 28 aprel kuni ikki tomon o‘rtasida dastlab, og‘zaki haqorat va aytishuvlar so‘ngra, bir-biriga tosh otish boshlangan.
Keyinchalik mojaroga ikki tomon chegara qo‘shinlarining aralashuvi oqibatida toshbo‘ron otishmaga aylanib ketdi. Vaziyatning keskinlashishi ortidan ikki mamlakat chegara tomon qo‘shimcha harbiy bo‘linmalar yubordi.
Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov 29 aprel kuni Qirg‘iziston hukumati a’zolari bilan Botken viloyatidagi davlat chegarasining qirg‘iz-tojik qismidagi vaziyat bo‘yicha tezkor yig‘ilish o‘tkazdi. Bishkekda esa botkenliklarni qo‘llab-quvvatlash uchun namoyish boshlandi.
O‘z navbatida, O‘zbekiston ikki qo‘shni respublika chegarasidagi mojaroga munosabat bildirib, tomonlarni to‘qnashuvlarni darhol tugatish, vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha qo‘shma choralarni ko‘rish va ziddiyatlarning yanada oshishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlardan tiyilishga chaqirdi.
LiveBarchasi