Tojik-qirg‘iz chegarasidagi vaziyat: Qirg‘iziston 5 ta qishloq aholisini evakuatsiya qildi

Olam

image

Qirg‘izistonning O‘sh viloyati Chon-Olay tumanida beshta qishloq aholisi evakuatsiya qilindi. Bunga tojik-qirg‘iz chegarasidagi keskinlik sabab bo‘ldi. Birgina Jekendi qishlog‘ining 8 mingga yaqin aholisi o‘z uylarini tark etgan, deb xabar bermoqda “24.kg” axborot agentligi.  

“Ba’zi fuqarolar allaqachon Daraut-Qo‘rg‘on qishlog‘iga yetib kelgan. Ularning barchasi mahalliy aholining uylarida joylashgan. Evakuatsiya qilinganlarni joylashtirish uchun sport zallari va ijtimoiy inshootlar allaqachon tayyorlab qo‘yilgan, ammo hozirgacha u yerda hech kim yo‘q”, deyilgan xabarda. 

Ta’kidlanishicha, Chon-Olay tumanida hozircha vaziyat barqaror. Mojaro avjiga chiqqan taqdirda xavfsizlikni ta’minlash maqsadida aholi evakuatsiya qilinayotgani aytilgan. 

Eslatib o‘tamiz, Tojikiston Respublikasi harbiy xizmatchilari 4 iyun kuni soat 03:00 da Qirg‘iziston Respublikasi hududiga 1000 metr chuqurlikdan kirib, O‘sh viloyati Chon-Olay tumani “Unju-Bulak” davlat chegarasining ta’riflanmagan qismida konteyner o‘rnatgandi. 

Tojikiston Respublikasi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Chegara qo‘shinlari Matbuot markazi Qirg‘iziston tomoni tarqatgan bayonotning haqiqatga mos kelmasligini qayd etib, uni rad etgandi.

Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 28 aprel kuni Qirg‘izistonning Botken viloyati Ko‘k-Tosh qishlog‘i yaqinidagi “Golovnoy” suv olish joyidagi davlat chegarasining qirg‘iz-tojik qismida ikki mamlakat mahalliy aholisi o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘ldi. 29 aprelda Qirg‘iziston va Tojikiston xavfsizlik kuchlari o‘rtasida qurolli to‘qnashuvga aylandi. Qirg‘izistonning Botken viloyati Botken va Laylak tumanlarida otishmalar 30 aprel va 1 may kunlari davom etdi.

1 may kuni tomonlar sulhni to‘liq to‘xtatish va chegaradan kuchlarni olib chiqib ketish to‘g‘risida kelishib olishga muvaffaq bo‘ldi. Xuddi shu kuni tojikistonlik harbiylar Qirg‘iziston hududidan chiqib ketdi.


Maqola muallifi

Teglar

Tojikiston Qirg'iziston

Baholaganlar

1543

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing