Toshtemirov O‘zbekiston delegatsiyasiga navbatdagi medalni keltirdi
Sport
−
04 Oktabr 2023
6478Xanchjou shahrida davom etayotgan XIX yozgi Osiyo o‘yinlarining navbatdagi kuni o‘z yakuniga yetib bormoqda. Mazkur musobaqani bevosita Xitoydan turib yoritib borayotgan QALAMPIR.UZ muxbirining xabar berishicha, o‘zbekistonlik og‘ir atletikachi Muhammadqodir Toshtemirov mamlakat delegatsiyasi hisobiga navbatdagi kumush medalni qo‘shib qo‘ygan.
Uning ma’lum qilishicha, o‘yinlarning og‘ir atletika dasturi bo‘yicha -81 kilogramm vazn toifasida ishtirok etgan Toshtemirov dast ko‘tarishda 159 kilogramm, siltab ko‘tarishda 192 kilogramm, ikki kurashda esa 351 kilogramm natija qayd etib, kumush medalni qo‘lga kiritgan.
Ma’lumot uchun, Muhammadqodirning bu natijasi O‘zbekiston delegatsiyasining medallari sonini 54 taga yetkazdi. Hozirda mamlakat hisobida 16 ta oltin, 16 ta kumush va 22 ta bronza medali bor. Delegatsiya bu bilan umumiy jamg‘arilgan medallar reytingning 5-pog‘onasini band etib turibdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq yunon-rum kurashi bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Jalgasbay Berdimuratov (-87 kg) delegatsiya hisobiga 15-oltin medalni keltirgan edi. O‘zbekistonlik sportchi final bellashuvida eronlik Nosir Alizodani mag‘lub etib, musobaqa chempioniga aylangandi. Shuningdek, yengil atletika bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Sharifa Davronova uch hatlab sakrash dasturida oltin medalga sazovor bo‘lgandi.
LiveBarchasi