Prezident Osiyo o‘yinlari ishtirokchilarini tabrikladi

Sport

−

image

Prezident Shavkat Mirziyoyev Yaponiyada bo‘lib o‘tgan XX yozgi Osiyo o‘yinlarida ishtirok etgan O‘zbekiston sport delegatsiyasi a’zolariga tabrik yo‘lladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

“Siz, azizlarni Yaponiyaning Aichi-Nagoya shahrida bo‘lib o‘tgan XX yozgi Osiyo o‘yinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etib, tom ma’noda tarixiy natijalarni qo‘lga kiritganingiz bilan chin yurakdan samimiy tabriklayman.

Vatanimiz bayrog‘ini baland ko‘tarib, yurtimizga yorug‘ yuz, yorqin g‘alabalar bilan qaytib kelganingiz muborak bo‘lsin!

Sizlar Osiyo mintaqasining 45 davlatidan 11 mingga yaqin sportchi ishtirok etgan, g‘oyat keskin kurashlar ostida o‘tgan ushbu nufuzli musobaqalarda chinakam mahorat, jasorat va matonat fazilatlarini namoyon etib, mamlakatimiz sporti tarixida yana bir buyuk sahifa ochdingiz”, deydi O‘zbekiston yetakchisi.

Prezident milliy terma jamoa 21 ta oltin, 25 ta kumush va 24 ta bronza medali bilan Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya va Hindistondan keyin beshinchi o‘rinni egallagani Yangi O‘zbekistonning sport sohasidagi  salohiyatidan, mard va bahodir farzandlarning qanday  ulug‘ ishlarga qodir ekanidan dalolat ekanini qayd etgan.

“Bu, hech shubhasiz, barchamizga, ko‘p millatli butun xalqimizga cheksiz g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi.

O‘zbekiston ushbu o‘yinlarda Markaziy Osiyo mamlakatlari va Islom hamkorlik tashkiloti davlatlari orasida birinchi o‘rinni egallagani ham albatta e’tiborlidir”, deydi O‘zbekiston rahbari.

Shavkat Mirziyoyev dastlab Abdulvahob Rashidov erkaklar o‘rtasidagi karate bahslarida, Shohsanam Sherzodova yakka holda kanoeda eshkak eshish dasturida, O‘tkirbek Jo‘rayev esa sport gimnastikasi bo‘yicha O‘zbekistonning Osiyo o‘yinlaridagi birinchi va tarixiy oltin medallarini olishga muvaffaq bo‘lgani terma jamoa a’zolarini yuksak marralar sari ruhlantirishda muhim ahamiyat kasb etganini bildirgan.

“G‘ayrat va shijoatda tengsiz bo‘lgan yengil atletikachilarimiz Suhrob Xo‘jayev bosqon uloqtirish yo‘nalishida Osiyo o‘yinlarining oltin medalini qo‘lga kiritgan birinchi o‘zbek sportchisiga aylandi, balandlikka sakrash bo‘yicha 1,90 metrlik natija qayd etgan Barnoxon Sayfullayeva oltin medalni qo‘lga kiritish bilan birga o‘zining shaxsiy rekordini ham yangiladi.

Yoshlarimizning katta sportda o‘z o‘rnini dadil egallab borayotgani barchamizni g‘oyat quvontiradi, albatta. Yengil atletikachimiz Sharifa Davronova, bokschimiz Abdumalik Xallakov ikki karra, badiiy gimnastika bo‘yicha Taxmina Ikromova uch karra Osiyo o‘yinlari chempioni degan sharafli nomga sazovor bo‘lib, qit’amizda tengsiz ekanini isbotladilar”, deydi O‘zbekiston yetakchisi.

Prezident akademik eshkak eshish bo‘yicha yaqinda bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida tarixiy oltin medalni qo‘lga kiritgan Shahzod Nurmatov va Sobir Safaraliyev juftligi murosasiz kechgan Osiyo o‘yinlari bahslarida ham yetakchilikni saqlab qolganini e’tirof etgan.

“Mardi maydon sportchilarimiz Osiyo va jahon rekordlarini yangilab, sport tarixiga o‘z nomlarini zarhal harflar bilan muhrlab qo‘yganlari musobaqalarning eng yorqin sahifalarini tashkil etdi, desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Jumladan, afsonaviy og‘ir atletikachimiz Akbar Jo‘rayev 197 kilogramm natija bilan jahon va Osiyo rekordini yangilashga erishdi. G‘oyat dramatik ruhda kechgan bellashuvlarda bu polvonimiz Osiyo o‘yinlari rekordini o‘rnatgani muxlislar qalbidan chuqur joy olgan unutilmas voqeaga aylandi.

O‘q otish bo‘yicha Vladimir Svechnikov  esa Osiyo o‘yinlari oltin medalini birinchi marta O‘zbekistonga olib kelgani va Osiyo o‘yinlari rekordini o‘rnatgani – buyam tarix, buyam g‘urur, buyam qahramonlikdir”, deyiladi Prezidentning tabrik maktubida.

Shuningdek, O‘zbekiston yetakchisi dzyudochi Muzaffarbek To‘raboyev o‘ziga xos jasorat ko‘rsatib, chorak finalda koreyalik raqibi, Parij–2024 olimpiadasi sovrindori Kim Mun Jongni, final bahsida esa dzyudo vatani bo‘lmish Yaponiya vakili Ota Hyogani mag‘lub etib, Osiyo o‘yinlarida 2 ta vazn toifasida g‘alaba qozongan ilk chempion sifatida tarixga kirganini alohida qayd etgan.

Shu o‘rinda o‘zbek dzyudochilarining 2 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, 32 davlat vakillari ishtirokidagi kuchli raqobat sharoitida Yaponiyadan keyin umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni egallagani O‘zbekiston dzyudo sportidagi eng yirik va salmoqli natija ekani e’tirof etilgan.

“Uch ming yillik tarixga ega bo‘lgan o‘zbek kurashi bo‘yicha polvonlarimiz ham xalqimizning ishonchini munosib tarzda oqladi. Ushbu yo‘nalishda 6 ta oltin medalning to‘rttasini Ahror Ziyodullayev, Shohruxxon Baxtiyorov, Ibodatxon Agojonova va Pokizaxon Kamoldinova qo‘lga kiritib, delegatsiyamiz hisobiga qo‘shib qo‘ygani uchun ularga tasannolar aytamiz.

O‘z g‘alabalari tarixi, mahorat maktabini yaratayotgan mana shunday alp o‘g‘lonlarimiz, dilbar qizlarimizga shon-sharaflar bo‘lsin!” deydi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston Prezidenti Osiyo o‘yinlarida erishilgan har bir yutuq, har bir hayajonli daqiqa odamlar uchun o‘ziga xos bayram, zavq va quvonch ayyomi ekanini qariyb bir oy davomida o‘zbekistonliklar chin dildan his etib yashaganini urg‘ulagan.

“Albatta, bepoyon Osiyo qit’asining o‘ziga xos Olimpiya o‘yinlari bo‘lgan ushbu musobaqalardagi yuksak natijalar o‘z-o‘zidan bo‘lgani yo‘q. Ularning zamirida mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar, yaratilayotgan sharoitlar, yosh iste’dod egalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirayotgan ishlarimiz mujassamdir.

Fursatdan foydalanib, bizga mana shunday unutilmas g‘alabalarni taqdim etgan barcha sportchilarimizga, ularning ota-onalariga, oltinga teng maslahat va ko‘rsatmalari bilan ulkan zafarlarga munosib hissa qo‘shgan jonkuyar ustoz va murabbiylarga, atletlarimizni doimo qo‘llab-quvvatlab turgan ko‘p sonli muxlislarga o‘z nomimdan, xalqimiz nomidan samimiy minnatdorlik izhor etaman”, deyiladi Prezidentning tabrik xatida.

O‘zbekiston yetakchisi sportchilarga murojaat qilib, ular Osiyo o‘yinlaridagi g‘alabasi bilan Yangi O‘zbekistonda Olimpiya harakati rivoji yangi bosqichga ko‘tarilgani, bu yo‘lda yangi oltin avlod shakllanganini butun dunyoga namoyon etganini bildirgan va Yaponiya zaminida erishilgan yutuq va natijalar, to‘plangan tajribalar 2028 yilda Los-Anjelesda o‘tadigan Olimpiya o‘yinlari uchun mustahkam zamin bo‘lib xizmat qilishiga ishonch bildirgan.

“Sizlar jahonning ana shu eng nufuzli o‘yinlariga ham albatta munosib tayyorgarlik bilan borasiz! Kelgusi faoliyatingiz yanada yorqin zafarlarga albatta boy bo‘ladi!

Yangi O‘zbekistonning buyuk sport solnomasini yaratishda sizlarga yutuq va omad hamisha yor bo‘lsin, aziz farzandlarim!” deyiladi tabrik yakunida.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing