“Toshshahartransxizmat”ga rahbar tayinlandi
Jamiyat
−
22 noyabr
4677Sanjar Sodiqovich Sattorov “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. Bu haqda AJ matbuot xizmati xabar berdi.
Tayinlovga qadar Sanjar Sattorov O‘zbekiston avtomobil transporti agentligining turli lavozimlarida, Transport vazirligi tasarrufidagi “Uzautotrans Service” MCHJ bosh direktori, Transport vazirligi huzuridagi Transport nazorati inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari hamda Transport nazorati inspeksiyasi Avtomobil va suv transportida nazorat boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Ma’lumot uchun, Sanjar Sattorov 1979 yil 15 noyabrda Buxoro viloyatida tug‘ilgan. 2001 yilda Toshkent avtomobil va yo‘llar institutining bakalavr bosqichini, 2005 yilda Toshkent avtomobil va yo‘llar institutida magistratura bosqichini avtotransport vositalaridan foydalanish, avtotransportda xalqaro yuk tashish yo‘nalishini tamomlagan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning fevral oyida “Toshshahartransxizmat” AJ boshqaruvi raisi lavozimida ishlagan Anvar Jo‘rayev qamoqqa olingani xabar qilingandi. DXX xodimlari tomonidan transport sohasida olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, “Toshshahartransxizmat” AJ tizimida bir qator qonunbuzilish holatlari aniqlangan. “Toshshahartransxizmat” AJ boshqaruv raisi Anvar Jo‘rayev, bosh muhandisi A.A. hamda 1 va 8-avtobus saroyi filiallari rahbarlari T.D. va I.B.lar o‘zaro til biriktirib, avtobus saroylaridagi ehtiyot qismlar, yoqilg‘i mahsulotlarini talon-toroj qilish yo‘li bilan davlat manfaatlariga juda ko‘p miqdorda iqtisodiy zarar yetkazgan.
LiveBarchasi