Toshkentning nosoz metrosi: endi yo‘lovchiga yetkazilgan zarar qoplab berilishi mumkin

Jamiyat

image

O‘zbekistonda avariya va texnik nosozlik sababli metroda xizmat ko‘rsatish to‘xtatilganda yo‘lovchiga yetkazilgan zararlarni qoplab berish taklif qilindi. Bu haqda Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi Matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lumm qilinishicha, Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan Toshkent metropoliteni yo‘lovchilarining huquqlarini himoya qilish maqsadida izlanishlar olib borilgan. 

Uning natijalariga ko‘ra, metropolitenda yo‘lovchilarni tashish bilan bog‘liq munosabatlarni huquqiy tartibga soluvchi normativ hujjatlar (O‘zbekiston Respublikasi “Shahar yo‘lovchilar transporti to‘g‘risida”gi Qonunidan tashqari) amalda mavjud emasligi ma’lum bo‘ldi. 

Holbuki, mamlakatda temir yo‘l, havo hamda avtomobil transportlarida yo‘lovchi, bagaj va yuk bagaj tashish qat’iy qonun bilan aniq tartibga solingan. 

Xabarga ko‘ra, agentlik, shuningdek, Rossiya, Qozog‘iston, Ukraina va boshqa mamlakatlarning metropolitendan foydalanish, eskalatorda o‘zini tutish qoidalari, yo‘lovchilar xavfsizligi, bagaj va qo‘l yuklarini tashish hamda ularni saqlash, tijorat ob’ektlari va reklamalarni joylashtirish tartiblari bo‘yicha tajribalarini o‘rgangan.

Agentlik O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligiga iste’molchilar huquqlari va xavfsizligini to‘laqonli ta’minlash maqsadida quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha takliflar taqdim etgan:

a) yo‘lovchilarning hayoti, sog‘lig‘i va xavfsizligini ta’minlash nuqtai nazardan metropolitenda yo‘lovchilar, bagaj va yuk bagaji tashish qoidalarini ishlab chiqish hamda normativ-huquqiy hujjat shaklida tasdiqlash hamda unda quyidagilar: 

•  yo‘lovchi va tashuvchining huquq va majburiyatlari, avariya va texnik nosozliklar yuzaga kelganda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan harakatlar (batafsil yoritgan holda), avariya va texnik nosozlik sababli xizmat ko‘rsatish to‘xtatilganda yo‘lovchiga yetkazilgan zararlarni (shu jumladan to‘langan pullarni) qoplab berishning aniq tartibi va mexanizmlari;
•  yo‘lovchi-iste’molchilar bilan pullik hisob-kitoblarni amalga oshirish tartibi; 
•  metropolitenda yo‘lovchi xavfsizligini ta’minlashning davlat kafolatlarini nazarda tutish zarur;

b) moddiy-texnik imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda, metropoliten xizmatlarining sanitariya-gigiyena, shu jumladan, radiologiya, epidemiyaga qarshi talablarga va amaldagi boshqa normalar hamda qoidalarga rioya etgan holda ko‘rsatilishini hamda yo‘lovchilar hayoti, sog‘lig‘i, atrof-muhit uchun xavfsiz bo‘lishiga, shuningdek, uning mol-mulkiga zarar yetkazmasligiga kafolat berilishi imkoniyatlarini ta’minlash;

s) aholining axborot xabardorligini yanada oshirish, xizmat ko‘rsatish qoidalarini tushunarli (videografikli, animatsiyali) tarzda yo‘lovchilarga yetkazish, shu jumladan bekat va vagonlardagi monitorlarda muntazam ravishda berib borish;

O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq ijrochi ayrim turdagi ishlarni bajarish (xizmatlar ko‘rsatish) qoidalarida yoki shartnomada belgilangan muddatda, hajmda va sifatda ishni bajarishi (xizmat ko‘rsatishi) shart, shuningdek, ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emas.

Shuningdek, ijrochi (tashuvchi)ning aybi bilan yo‘lovchi belgilangan manzilga  yetkazib qo‘yish ta’minlanmagan taqdirda  ijrochi yo‘lovchini belgilangan boshqa transport vositasi orqali belgilangan manzilga yetkazib qo‘yish yoki yo‘lovchi tomonidan to‘langan pul mablag‘larini qaytarish choralarini ko‘rishi shart.

Metro voqealari

Qayd etish kerakki, aprel oyida Toshkent metropoliteni tez-tez ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent metropolitenining Chilonzor yo‘nalishidagi “Novza” bekatida poyezd to‘xtab qolgani haqida xabar berilgandi.

7 aprelda O‘zbekiston yo‘nalishining “G‘afur G‘ulom” bekatida texnik sabablarga ko‘ra yo‘lovchilar zaxiradagi poyezdga ko‘chirilgan. Bu holat ijtimoiy tarmoqlarda metroda poyezdlar to‘qnashib ketdi, deya talqin qilingandi.

8 aprel kuni Sergeli yo‘nalishida metro poyezdi harakati to‘xtab qolgandi. Yo‘lovchilar esa evakuatsi qilingan. 10 aprel kuni esa eng sharmandali va xavfli holat yuz berdi. Poyezd Chilonzor yo‘nalishidagi “Pushkin” va “Buyuk ipak yo‘li” bekatlari oralig‘ida eshiklarini yopmasdan harakatlandi. Bu vaqtda vagonda yo‘lovchilar bo‘lgan, albatta.

Keyinchalik Toshkent metrosidagi tabloda behayo yozuv paydo bo‘ldi. Joriy yilning 21 may kuni Toshkentda yerusti metro bekati tomidagi qoplamalar shamolda uchib tushdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

50

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing