Toshkentning 4 tumanida aholi orasida koronavirus aniqlangan

Jamiyat

image

Toshkent shahrida bugungacha to‘rt tumanda koronavirus yuqtirgan bemorlar aniqlandi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov ma’lum qildi.

“Mamlakatimizda koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqarolar soni 4 ming 22 nafarga yetdi. 5 iyun kuni 160, kasallik qayd etilgandan buyon esa 3 ming 247 nafar, ya’ni 80 foizdan ziyod bemor to‘liq sog‘aygan. Sog‘liqni saqlash vazirligi taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, shifoxonalarda 759 bemor davolanmoqda, 10 nafarining ahvoli og‘ir, 3 nafarining ahvoli o‘ta og‘ir. 49 mingdan ko‘proq fuqaro karantin tadbirlari bilan qamrab olingan. Kuni kecha 16 mingdan ko‘proq laboratoriya tekshiruvlari o‘tkazilgan”, deydi Otabekov.

U karantin tadbirlari davom etayotgani va koronavirus kasalligi bo‘yicha epidemik vaziyat murakkabligicha qolayotganini ma’lum qildi.

“5 iyun kuni qayd etilgan 20 bemorning 6 nafari Samarqand viloyatida, 5 nafari Buxoro viloyatida va yana 5 nafari Toshkent viloyatida, 4 nafari Qashqadaryo viloyatida aniqlangan. Ularning 7 nafari aholi orasida qayd etilgani barchamizni sergak torttirishi kerak. Ming afsuski, oxirgi aniqlangan 15 bemorning 3 nafari Toshkent shahri aholisi orasida qayd etildi. Shunday qilib, Toshkent shahrining Shayxontohur, Yunusobod, Yashnobod, Mirobod tumanlarida koronavirus kasalligiga chalinish holatlari aholi orasida qayd etilyapti”, dedi inspeksiya rahbari.

Eslatib o‘tamiz, kecha O‘zbekistonda koronavirus bemorlarining davolanishi bo‘yicha rekord o‘rnatildi. Xususan, birgina Toshkentda 140 nafar bemor sog‘aydi.


Maqola muallifi

Teglar

Koronavirus O'zbekistonda

Baholaganlar

349

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing