Toshkentga ketgandim, qaytsam uyim yo‘q – farg‘onalik ikkinchi guruh nogironi dardini kimga aytsin? (video)
Jamiyat
−
16 Oktabr 2019
10725Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanida yashovchi fuqaroning noroziligi va O‘zbekiston Prezidentiga murojaati aks etgan video tarqaldi.
Oltiariqlik ikkinchi guruh nogironi bo‘lgan erkak Majburiy ijro byurosi xodimlari uning yashab turgan uyini buzib tashlaganidan shikoyat qilgan. Fuqaro 2012 yil oktyabr oyida auksion orqali yer sotib olgan va unga mulkni o‘z yashash manzili bo‘yicha rasmiylashtirib berishgan.
Biroq rasmiylashtiruv hujjatlarini keyinchalik sud va boshqa organlarda tan olishmagan. Fuqaroning uyini 2019 yil 23 may kuni MIB ijrochilari kelib buzib tashlagan. Uning ta’kidlashicha, uyi buzilganda, u va turmush o‘rtog‘i shu masalani hal qilish uchun Toshkentga ketgan bo‘lgan. Ya’ni, uning uyi o‘zi yo‘qligida buzib tashlangan.
Fuqaro Toshkentda Vazirlar Mahkamasiga borgan. U yerda Ravshan ismli mas’ul ularni qabul qilib, hujjatlari joyida ekanini aytgan hamda ularga yordam berish uchun o‘sha yerning o‘zida Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyevga qo‘ng‘iroq qilingan.
Hujjatlari to‘g‘ri ekaniga ishonch komil qilgan fuqaro O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qabulxonasiga borgan. Toshkentda shu masalalar ortidan yurganida qo‘shnilari qo‘ng‘iroq qilib, uyini buzib tashlashganini aytishgan.
Oltiariqlik ikkinchi guruh nogironi bo‘lgan fuqaroning uyi buzilganiga qariyb olti oy to‘lgan bo‘lsa-da ular ikki nafar voyaga yetmagan farzandi bilan hamon ko‘chada. Borar joyi yo‘q.
Ta’kidlash joizki, joriy yilning sentyabr oyi oxirida Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyevning ro‘mol va soqol masalasida o‘tkazgan, dong‘i butun O‘zbekiston va qo‘shni davtlarga yoyilgan yig‘ilishidan keyin keng jamoatchilikning e’tibori Farg‘onaga qaratilgan.
Nega deysizmi? Chunki, Shuhrat G‘aniyevning tushirgan “qovun”idan keyin O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati unga 3 oy muhlat berdi. Shuning uchun odamlar Shuhrat G‘aniyevning 3 oy davomida nima qilishini kuzatib boryapti. Aslida ijtimoiy masalalar, qurilish, obodonlashtirish bilan bog‘liq holatlarda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar sabab avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi ham G‘aniyevga 6 oy muhlat bergan edi.
Oltiariqlik fuqaroning ahvoli esa hokimning avval yo‘l qo‘ygan sovuqqonliklaridan biri bo‘lib, 3 oylik muhlat davomida yuzaga chiqdi. Ikkinchi guruh nogironi bo‘lgan fuqaro masalasi hududiy hokimliklar tomonidan hal qilib berilganda, Toshkentga kelib Vazirlar Mahkamasi va Prezident qabulxonasiga bosh urmagan bo‘larmidi.
Vazirlar Mahkamasidan Farg‘ona hokimiga qo‘ng‘iroq bo‘lgandan keyin ham vaziyatning nazoratga olinmasligi mahalliy hokimlarning beboshligidanmi yoki loqaydligidan?
Tasodifni qarang, oltiariqlik ikkinchi guruh nogironi oilasi bilan 6 oydan beri uysiz, sarson bo‘lgan bir vaqtda, viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyev to‘qimachilik kompaniyasi bo‘lgan tadbirkorning onasiga Malibu sovg‘a qilyapti.
Ajabo, viloyat hokimligi bu vaziyatga qanday izoh berarkin? Bu safar kim uzr so‘rab chiqishi barchaga qiziq.
LiveBarchasi