Toshkentdagi yo‘lning cho‘kishi bo‘yicha mansabdorlarga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
3-sahifa
−
29 dekabr 2021 12718 2 daqiqa
Joriy yilning mart oyida Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi Ahmad Donish ko‘chasidagi avtomobil yo‘lining 500 metr qismida 40-50 sm.gacha cho‘kish holati yuzaga kelganligi tufayli, ushbu hududda transport vositalarining harakati vaqtincha cheklangan edi.
Mazkur holat yuzasidan Davlat xavfsizlik xizmati hamda prokuratura organlari o‘rganish o‘tkazdi.
O‘rganish natijasida mutasaddi tashkilotlar tomonidan “Yunusobod-Turkiston” yer osti metro konstruksiyasining atrofini va yon qismlarini tuproq bilan qayta to‘ldirish va zichlash ishlari sifatli bajarilmagani, texnik nazorat talab darajasida olib borilmagani hamda avtomobil yo‘lini rekonstruksiya qilishda loyihalashtirish ishlari noto‘g‘ri olib borilganligi sababli yuqoridagi cho‘kish holati yuzaga kelib, natijada davlatga 4,5 mlrd so‘m miqdorida zarar yetkazilgani aniqlangan.
Hozirda holat bo‘yicha Respublika Transport prokuraturasi tomonidan Toshkent metropoliteni liniyalarini qurish direksiyasi va Toshkent shahar hokimligi Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 207-moddasi 1-qismi (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, Ahmad Donish ko‘chasida yuzaga kelgan holatni bartaraf etish bo‘yicha mutasaddi idoralar tomonidan tegishli chora-tadbirlar tashkil etilmoqda.
Ma’lumot uchun, Jinoyat kodeksining 207-moddasi 1-qismi bilan aybdor deb topilgan shaxs bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Live
Barchasi