Toshkentdagi ijara narxi eng qimmat va arzon tumanlar ma’lum bo‘ldi
Jamiyat
−
17 avgust 2023
12961O‘tgan iyun oyi hisobiga ko‘ra, Toshkentda ijara bozoridagi narxlar barqarorlasha boshladi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining ko‘chmas mulk bozorida yuz bergan o‘zgarishlar haqidagi tahlilida ma’lum qilingan.
Tahlilda aytilishicha, yil boshidan buyon poytaxtdagi o‘rtacha ijara narxi deyarli 15%ga tushgan.
“Toshkentda kvartiralarni ijaraga berish narxining pasayishi sezilarli darajada sekinlashdi. Agar iyun oyida ijara bozori 2,4%ga pasaygan bo‘lsa, iyul oyida bu pasayish 0,7%ni tashkil etdi va 1 kv.m. uchun 8,7 dollardan oshmadi”, deb yoziladi tahlilda.
Shuningdek, 1 kv.m uchun uy-joy ijarasi narxi eng yuqori bo‘lgan tumanlar:
1. Mirobod – 11,7 dollar;
2. Yakkasaroy – 10,7 dollar;
3. Shayxontohur - 10,5 dollar.
Poytaxtdagi uy-joy ijarasi uchun eng qulay manzillar esa – Uchtepa (7,1 dollar), Sergeli (6,4 dollar) va Bektemir (5,6 dollar) tumanlari.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning iyul oyida ko‘chmas mulk oldi-sotdi bitimlari soni ham ortdi.