Toshkentdagi festivalda janjallashgan yigitlarning ota-onasiga bayonnoma tuzildi (video)
3-sahifa
−
07 Sentabr
9133Ijtimoiy tarmoqlarda musiqa festivaliga kelgan fuqarolar o‘zaro janjallashgani aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, kecha, 6 sentyabr kuni Yunusobod tumanida soat 18:00 dan 22:20 larga qadar bo‘lib o‘tgan tadbirda bir nechta fuqarolar jamoat tartibini buzib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini mensimasdan mayda bezorilik sodir etgan.
IIO xodimlari tomonidan ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida ularning shaxsi aniqlanib, ushbu holatni 5 nafar voyaga yetmagan fuqaro sodir etgani ma’lum bo‘lgan.
“Oqibatda ularning ota-onasiga O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasiga (Bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) ko‘ra ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Qolgan fuqarolarga nisbatan to‘plangan hujjatlar yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda. Yakuni bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, o‘tkazilgan tekshiruv jarayonida fuqarolar tan jarohati olganligi haqida xabar kelib tushmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyatidagi savdo do‘konida sodir etilgan bezorilik holati yuzasidan ikki kishiga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.