Toshkentdagi AQSH elchixonasiga LGBT bayrog‘i ilinishi mumkin
Jamiyat
−
27 aprel 2021
30931Amerika Qo‘shma Shtatlari yangi ma’muriyat Davlat kotibi Entoni Blinken AQSHning barcha elchixonalari fasadlariga LGBT ramzi bo‘lgan kamalak bayrog‘ini o‘rnatish va shu bilan Donald Tramp ma’muriyatining bu haqdagi taqiqini bekor qilishga ruxsat berdi.
Endi yangi kotibning buyrug‘i bilan diplomatik vakolatxonalar xodimlari AQSH bayrog‘i yonida LGBT bayrog‘ini ham bemalol osib qo‘yishlari mumkin.
Shu bilan birga, hujjatda elchixona “mahalliy sharoit”ni hisobga olgan holda LGBT belgisini osib qo‘yish to‘g‘risida mustaqil ravishda qaror qabul qilishi mumkinligi tushuntirilgan.
Ma’lumot uchun, sobiq Prezident Trampning avvalgi ma’muriyati AQSH elchixonalari binolari tashqarisidagi bayroq ustunlarida kamalak bayrog‘ini ilib qo‘yishni taqiqlagan edi, ammo ba’zi elchixonalar ushbu buyruqqa qarshi chiqdi va “g‘urur sharafiga” binolarni o‘zlari LGBT bayroqlari bilan “bezadi”.
Ma’lumot uchun, Entoni Blinken Obama ma’muriyatida Davlat kotibining o‘rinbosari bo‘lib ishlagan va Bayden bilan birgalikda 2002-2008 yillarda Senatning tashqi aloqalar qo‘mitasida ishlagan. Blinken Obamaning davrida vitse-prezident bo‘lgan payt Baydenning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi sifatida ham ishlagan.
Ma’lumot uchun, AQSH O‘zbekiston Mustaqilligini 1991 yil 25 dekabrda tan olgan. Elchixona esa 1992 yil mart oyida ochilgan. 2006 yil fevral oyida AQSH Elchixonasi Toshkent shahar Yunusobod tumani 5-kvartal Moyqo‘rg‘on ko‘chasi, 3-uyda joylashgan yangi manzilga ko‘chib o‘tdi.
O‘zbekistonda besoqolbozlik rasman qonun bilan taqiqlangan. Ushbu jinoyatni sodir etganlar Jinoyat kodeksining 120-moddasi (besoqolbozlik) bilan jinoiy javobgarlikka tortilishi belgilab qo‘yilgan. Avvalroq O‘zbekistonda besoqolbozligi uchun qamalganlar qanchaligi ochiqlangan edi.
Avvalroq, Human Rights Watch xalqaro inson huquqlari tashkiloti rasmiy Toshkentga mamlakat Jinoyat kodeksidan 120-modda – besoqolbozlikni chiqarib tashlash va jinoiy javobgarlikni bekor qilishni so‘rab murojaat bilan chiqqandi.
Shundan so‘ng, bu masala kun tartibiga chiqdi va ayni vaqtda keng jamoatchilik tomonidan qizg‘in muhokama qilinyapti. Besoqolbozlik bo‘yicha Human Rights Watch so‘roviga deputat Rasul Kusherboyev va Islom sivilizatsiyasi markazi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi bosh mutaxassisi Abror Muxtor Aliy, taniqli olim Mubashshir Ahmad ham munosabat bildirdi. Ular besoqolbozlikka oid moddaning jinoyat kodeksidan chiqarib yuborilishi ham siyosiy, ham diniy yo‘qotishlarga sabab bo‘lishini urg‘ulagandi.
Joriy yilning 28 mart kuni Toshkentdagi Amir Temur xiyobonida mamlakatda besoqolbozlikni qo‘llab-quvvatlayotgan shaxslar va ularning g‘oyalariga qarshi namoyish o‘tkazildi.
Keyinchalik Toshkent shahar IIBB “Skver”dagi namoyishda 12 kishi hibsga olingani haqida xabar berdi.
Shuningdek, O‘zbekistonda LGBT huquqlarini himoya qilayotgan Miraziz Bozorov o‘lasi qilib do‘pposlandi.
Shundan so‘ng AQSH elchisi Bozorovning do‘pposlanishini surishtirishni so‘radi. Uning ortidan Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Tim Torlot Toshkentda besoqolbozlik – LGBT g‘oyalarini himoya qilib kelayotgan bloger Miraziz Bozorovning kaltaklanganiga munosabat bildirdi.
Xorijlik diplomatlarning munosabatidan keyin Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov xalqaro tashkilotlarga murojaat yo‘llab, har qanday davlatga biror talab qo‘yishdan oldin millatning mentaliteti, dini, madaniyati, urf-odatlarini inobatga olishi kerakligini ta’kidladi.
LiveBarchasi