Tramp Ukrainaga Yevropa qo‘shinlarini yuborish niyatida – WSJ
Olam
−
13 dekabr 2024
5462AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatgandan so‘ng kelishuvlarga rioya etilishini nazorat qilish uchun uning hududiga “Yevropa kuchlari” joylashtirilishi kerak, deb hisoblaydi. Bu haqda manbalariga tayanib, “The Wall Street Journal” (WSJ) xabar berdi.
Nashr manbalariga ko‘ra, AQSH harbiylari bu missiyada bevosita ishtirok etmaydi.
“U o‘t ochishni to‘xtatish rejimini kuzatish uchun Yevropa kuchlarining Ukrainada bo‘lishini istaydi”, dedi gazeta suhbatdoshlaridan biri.
Nazorat missiyasiga amerikalik qo‘shinlar qanday jalb etilishi aniqlanmagan.
WSJ ma’lumotlariga ko‘ra, Donald Tramp Yevropa davlatlarini Xitoy rasmiylarini janglarni to‘xtatish uchun “Kremlga ta’sir o‘tkazishga” majburlash uchun ko‘proq choralar ko‘rishga chaqirmoqda. Xususan, Tramp Yevropa davlatlari Xitoydan keladigan tovarlarga boj qo‘llashni taklif qilmoqda.
Noyabr oyi oxirida Donald Tramp inauguratsiyadan so‘ng o‘zining birinchi farmonlaridan biri Xitoydan keladigan tovarlarga 10 foizlik bojlar joriy etish bo‘lishini va’da qilgan edi. U bu qarorni AQSHga taqiqlangan moddalar kontrabandasining yuqori darajasi bilan izohladi.
Donald Tramp jamoasi Rossiya-Ukraina mojarosini hal qilishning kamida uchta variantini ko‘rib chiqmoqda. Ular, xususan, Ukrainaga hududiy imtiyozlar berishni, ya’ni front chizig‘idagi harbiy operatsiyalarni to‘xtatib turishni nazarda tutadi. Shu bilan birga, Ukraina, ko‘rib chiqilayotgan ssenariylarga ko‘ra, NATOga qo‘shilishdan bosh tortadi (hech bo‘lmaganda kelgusi yillarda). Tramp Moskva va Kiyev o‘rtasidagi ziddiyatni hal qilishni tashqi siyosatdagi ustuvor vazifa deb atagan.
Eslatib o‘tamiz, 7 dekabr kuni Parijda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy va Fransiya yetakchisi Emmanuel Makron hamda AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp o‘rtasidagi uchrashuv bo‘lib o‘tgandi. Bryusselda bo‘lib o‘tgan NATO Tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishida esa Germaniya Tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok o‘t ochishni to‘xtagan taqdirda nemis tinchlikparvar kuchlarini Ukrainaga yuborishni istisno etmagandi. Biroq Germaniya kansleri Olaf Shols Bundestag deputatlarining savollariga javoban Ukrainaga nemis qo‘shinlarini yuborishga qarshi ekanini ma’lum qildi.