Toshkentda jazirama sabab elektr uzilishlari bo‘lishi mumkin
Jamiyat
−
13 iyul 2644 1 daqiqa
Toshkent shahrida jazirama ob-havo sabab elektr energiyasiga talab oshishi kutilmoqda. Shu bois ayrim hududlarda qisqa muddatli elektr uzilishlari yoki avariyaviy o‘chirishlar yuzaga kelishi mumkin. Bu haqda “Toshkent shahar magistral elektr tarmoqlari” filiali xabar berdi.
Qayd etilishicha, yuqori yuklama elektr tarmoqlari va uskunalariga qo‘shimcha bosim tushirishi mumkin. Shu sababli mutaxassislar elektr tarmoqlarining barqaror ishlashini ta’minlash hamda yuzaga kelishi ehtimoliy nosozliklarni tezkor bartaraf etish choralarini ko‘rmoqda.
“Sizlardan elektr energiyasidan oqilona va tejamkor foydalanishingizni hamda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan vaqtinchalik noqulayliklarga tushunish bilan yondashishingizni so‘raymiz”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda joriy hafta oxirigacha jazirama kuchayib, havo harorati ayrim hududlarda 44 darajagacha ko‘tarilishi kutilmoqda. Jazirama sababli Sog‘liqni saqlash vazirligi jazirama yoz kunlarida aholiga issiq ob-havo ta’siridan himoyalanish va salomatlikka e’tibor qaratish bo‘yicha tavsiyalar berdi.
Shuningdek, jazirama sababli Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahri va yana 8 tumanidagi bog‘chalar faoliyati 13 iyuldan 18 iyulgacha to‘xtatilgan edi. O‘zbekistonning boshqa hududlarida ham kutilayotgan anomal issiq havo sabab bog‘chalar vaqtincha yopilishi mumkin.