Toshkentda yana bir xalqaro universitet tashkil etildi
Jamiyat
−
24 iyun 2020
7767O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan “Tashkent International University of Education” xalqaro universiteti tashkil etildi.
Qarorga muvofiq, yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalarining ta’lim dasturlarini joriy etish orqali respublika iqtisodiyoti real sektorining ehtiyojlarini hisobga olgan holda yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash universitetning asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.
Universitet mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi nodavlat oliy ta’lim tashkiloti hisoblanadi.
Universitetga o‘qishga qabul qilish uchun kirish imtihonlarini o‘tkazish va chet ellik yuqori malakali mutaxassislarni jalb etish uchun xorijiy hamkor sifatida “The Times Higher Education World University Rankings” reytingidagi dunyoning 1000 talikka kiruvchi xorijiy oliy ta’lim muassasalarini belgilash va Universitet bazasida ularning filiallarini ochish huquqi berildi.
Universitetda o‘qish to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi. Kadrlar tayyorlash kunduzgi, sirtqi, kechki, maxsus sirtqi va masofaviy ta’lim shakllari bo‘yicha o‘zbek, ingliz hamda boshqa tillarda amalga oshiriladi.
Universitet bitiruvchilariga uning xorijiy hamkor universitetlarining O‘zbekiston Respublikasida oliy ta’lim to‘g‘risidagi hujjati sifatida tan olinadigan xalqaro darajadagi yoki belgilangan namunadagi diplomi beriladi.
Universitetning magistratura ta’lim bosqichi bitiruvchilari Xalq ta’lim vazirligi hamda Vazirlari Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligining rahbar kadrlari zaxirasiga kiritiladi.
Bundan tashqari, Xalq ta’limi vazirligiga istisno tariqasida universitet faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun eng yaxshi shartlarni taklif etgan potensial investorni tanlash hamda investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyat shartlarini belgilash huquqi berildi.
LiveBarchasi